O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoxud «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasida aytilgan gaplar
2019-04-25 | Jamiyat
2019 yil 24 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tashabbusi bilan «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, aholi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli axborotlar davlatning uzoq muddatli prognozlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadli dasturlari, aholining bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish dasturlari, barqaror rivojlanish maqsadlari Milliy indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi, ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib borishda muhim hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish ishlarini o‘tkazishning ahamiyatli jihati shundaki, u kelgusi bir necha o‘n yilliklar rivojlanishining prognoz ma’lumotlari uchun ishonchli asos yaratadi. Eng muhimi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy, boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi.
Deputatlar O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgani, shu vaqtga qadar respublikamizda aholi ro‘yxatga olinmagani va bu boradagi masalalarni tartibga soluvchi qonun qabul qilinmaganiga alohida e’tibor qaratdilar.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoniga binoan ishlab chiqilgan «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhim ahamiyatga ega.
Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ushbu qonun loyihasi mazkur tadbirda yana bir bor parlament vakillari hamda jamoatchilik tahlilidan o‘tkazildi.
Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish barcha hududlarni qamrab olishi zarurligi, bu esa Butunjahon aholi, uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi bo‘yicha o‘tkazilayotgan dunyo aholisini ro‘yxatga olishning tarkibiy qismi ekaniga e’tibor qaratdilar.
Ushbu qonun loyihasining maqsadi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, shuningdek, aholi to‘g‘risidagi yakuniy ma’lumotlarni keng ommaga tarqatish jarayonida sub'yektlarning huquqiy munosabatlarini tartibga solishdan iborat. Shuningdek, demografik, ijtimoiy, iqtisodiy tavsiflar bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlarni shakllantirish hamda uning natijalarini mintaqaviy, milliy va xalqaro miqiyosda foydalanish aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Qonun loyihasida alohida moddada asosiy tushunchalarning ta’rifi berilgan bo‘lib, «aholini ro‘yxatga olish sanasi», «aholini ro‘yxatga olish», «shaxsiy ma’lumotlar», «ro‘yxatga olish varaqasi», «ro‘yxatga olish dasturi», «sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish», «aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati» kabi tushunchalarning mazmuni ochib berilmoqda. Loyihada aholini ro‘yxatga olishning asosiy printsiplari, aholini ro‘yxatga olish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, ushbu jarayonga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazuvchi davlat organlari, vakolatli organ, ularning huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish dasturining tarkibi, davri, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning tartibi, ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash masalalari, davriylik, jarayonni moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash kabi masalalar ham qonun loyihasida o‘z aksini topgan.
Qizg‘in o‘tgan bahs-munozaralar jarayonida qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Loyihani yanada takomillashtirishga qaratilgan qator taklif va mulohazalar bildirildi hamda tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.