O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ruslanbek Davletov Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vaziri o‘rinbosari Alasim Yaser Xamad bilan uchrashdi
2019-04-25 | Siyosat
2019 yil 24 aprel kuni xalqaro yuridik forum “Tashkent Law Spring” arafasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirining qonunchilik va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alasim Yaser Xamad boshchiligidagi Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ruslanbek Davletov saudiya tomonining vazirlik taklifiga binoan xalqaro yuridik forumda ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vaziri o‘rinbosari Alasim Yaser Xamad taklif hamda samimiy va iliq qabul uchun juda mamnunligini izhor etib, ikki xalqni o‘zaro bog‘laydigan qadimiy rishtalarning bisyorligini qayd etdi.
Saudiya Arabistoni tomoniga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar, adliya tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar haqida aytib o‘tildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xalqaro hamkorlik sohasidagi faoliyati haqida ma’lumot berilib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligi bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv chog‘ida, ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar 2017 yil 1 avgustda imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi doirasida amalga oshirilib kelinayotganligi va ushbu memorandumning o‘zaro aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga saudiya tomoni ikki davlat adliya vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilayotgan mazkur Memorandumni kelajakda bitimga aylantirish istagi mavjudligi va bu bitim ikki davlat Adliya vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishi mumkinligini qayd etdi. Xususan, Alasim Yaser Xamad saudiya tarafi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Adliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Bayonnoma loyihasini ko‘rib chiqishni va yaqin kunlarda uni imzolashni taklif qildi.
Alasim Yaser Xamad sud-huquq tizimini rivojlantirishda o‘zaro tajriba almashish, xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohalaridagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishdan mamnun ekanligini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini Saudiya Arabistoni Podshohligiga taklif qildi.