O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2019-04-24 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalqimiz azaldan o‘lkamizni bosqinchilardan himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va daxlsizligi uchun kurashgan qahramonlarini e’zozlab kelmoqda.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish tom ma’noda milliy an’anaga aylandi.
Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan xalqimiz o‘zining naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga davlatimiz tomonidan mukofotlar topshirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish qutlug‘ an’anaga aylandi. Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushining ayanchli oqibatlarini unutmaslikka, tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga, shuningdek, doimo ogoh va hushyor bo‘lishga, tarixiy xotiraga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Mamlakatimizda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, barcha faxriylarga hurmat ko‘rsatish maqsadida:
1. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
2. 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Ishchi guruh (A.Aripov):
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlasin va joylarda 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga (keyingi o‘rinlarda Bayram deb ataladi) bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatsin;
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillarini biriktirib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin;
yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Bayramga tayyorgarlik ko‘rish davomida Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ko‘rsatgan matonat, mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar orasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq qilish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryo‘la to‘lanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan ketib g‘alabaga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan va urush qahramoni bo‘lgan faxriylar nomlarini abadiylashtirish maqsadida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan ko‘chalarga ularning nomlarini berish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriyalarga bepul yuborilishini tashkil etsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnika namoyishini tashkil etsin;
Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushiga aloqador arxivdan olingan foto va hujjatlar ko‘rgazmasini tashkil etsin;
G‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, kuch-quvvatini ayamagan har bir faxriy, har bir kishi xotirasi abadiylashtirilishini, ularga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatilishini ta’minlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda:
viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar;
Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari, dasturxon tuzash va tegishli sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etsinlar;
ko‘chalar va maydonlar Bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatilishini ta’minlasinlar.
5. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan Bayram tadbirlari hamda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy marosimlarga temir yo‘l yoki avtomobil transportida kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan ta’minlanishi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida – O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2019 yil 9 may soat 21.00 da Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, ushbu qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni keng yoritish, shuningdek, mavzuga oid teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlab efirga uzatish, maqolalar e’lon qilish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoev
Toshkent shahri,
2019 yil 23 aprel