O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Madaniyat vazirining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasiga hisoboti
2019-04-24 | Madaniyat
Joriy yilning 23 aprel kuni Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasiga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida” 2019 yil 27 fevraldagi F-5445-sonli Farmoyishi va 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4038-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning hisoboti to‘liq matnda taqdim etilmoqda:
Avvalo, shuni aytishim kerakki, Siz, hurmatli xalq vakillari oldida xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviy qadriyatlari va ma’naviy-madaniy merosini asrab-avaylash hamda jahon madaniyati bilan uyg‘un holda rivojlantirish, milliy madaniyatni keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot berish menga sharafli majburiyat yuklaydi va o‘z navbatida, soha oldida turgan muammolarning yechimini birgalikda topib, zarur chora-tadbirlarni belgilashda o‘z hissasini qo‘shadi.
Xabarlaringiz bor, 2018 yil dekabr oyida Oliy Majlis qonunchilik palatasida “Madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosiga bag‘ishlangan Parlament eshituvida hisobot berganim va Siz xalq noiblari bilan sohani chuqur tahlil qilish va to‘planib qolgan tizimli muammolar hal etishga xizmat qilmoqda.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, bugun muhtaram Davlatimiz Rahbari tomonlaridan mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasiga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor, imkoniyatlar berilmoqda.
Soha rivoji uchun 2017 yildan buyon muhtaram Prezdiyentimizning sohaga oid 20 ta farmon va qarorlari, Hukumatning 54 ta qarorlari qabul qilinganligi ham bu boradagi ishlarning ko‘lamini ko‘rsatib beradi, albatta.
Mustaqil davlatimiz tarixida ikkita yirik anjuman va festival, Xalqaro maqom san’ati anjumani hamda Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining o‘tkazilishi noyob merosimizning nufuzini jahon miqyosida oshirish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Sohani takomillashtirish, uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etish bo‘yicha Parlamentning amaliy yordami va ta’sirchan nazorati har qachongidan ko‘ra bugun yaqqol sezilmoqda.
Avvalo bunda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Abdug‘appor Qirg‘izboyevning amaliy say-harakatlari doimiy ko‘magini e’tirof etish o‘rinli, deb o‘ylayman.
Ruxsatlaringiz bilan, muhtaram Prezidentimizning 27 fevraldagi “2019 yilda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi F-5445-son Farmoyishi ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalsam.
Mazkur farmoyishning 1.11-ilovasiga muvofiq 2019 yilga mo‘ljallangan Madaniyat vazirligi faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy me’zonlari belgilangan.
Vazirik faoliyati samaradorligining baholash mezonlarida madaniy me’ros ob'yektlari, teatrlar, sirk faoliyati, madaniyat sohasida davlat-xususiy sherikchilik, muzeylar, kutubxonalar, madaniyat markazlari bolalar musiqa va san’at maktablari, sohaga informatsion kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 13 ta yo‘nalishni amalga oshirish bo‘yicha 44 ta mexanizm ko‘zda tutilgan, shulardan 14 tasi joriy yilning I choragida amalga oshirilishi belgilangan.
Mazkur Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida “Baholashning asosiy me’zonlarida ko‘rsatilgan maqsadli vazifalarni har oyda bajarish va ularga erishish bo‘yicha Ish reja” ishlab chiqilgan tasdiqlangan.
1-bandda Madaniy meros ob'yektlari bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan.
Mavjud 7 476 ta madaniy meros ob'yektlaridan 5 430 ta ob'yektning davlat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va yagona davlat kadastr tizimiga zarur ma’lumotlarni kiritish, 159 ta ob'yektda turistlar va aholining tashrifini elektron hisobga oluvchi turniketlar o‘rnatish hamda 5 953 ta ob'yektda muhofaza belgilarini o‘rnatish qayd etilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ushbu masala Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish kontseptsiyasida ham o‘rin olgan.
Mazkur masalani amalga oshirishda 2019 yil 1 chorak da ob'yektlarning manzilli ro‘yxatini tuzish, moliyalashtirish manbalarini belgilash hamda vazifalarni bajarish bo‘yicha shartnomalar tuzish ko‘rsatilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha ob'yektning davlat kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida jami 5 430 ta manzilli ro‘yxat tuzilgan va tasdiqlangan.
Madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish borasida 2019 yil 30 martda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros ob'yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 265-sonli qarori qabul qilinib, ushbu ishlarni amalga oshirishning moliyaviy manbalari ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda hududlardagi moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'yektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish, ularning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda ularga muhofaza belgilarini o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratishi belgilangan.
Vazifalarni bajarish bo‘yicha shartnomalar tuzish yuzasidan joriy yilning I choragida faqatgina 4 ta hudud Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlarida mavjud madaniy meros ob'yektlarini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun muhofaza qilish davlat inspektsiyalari bilan 100 mln. so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirilgan.
Asosiy ijrochi sifatida mahalliy hokimliklar belgilangan. Shu masala bajarilishi muddatidan ortda qolishi xavfi mavjud. Bu masalani yaqinda Vazirlar Mahkamasining Rayosatida ko‘rib chiqilishi ham belgilangan. Ishchi guruhlar tuzildi, ular mana shu haftada joylarga chiqib, o‘rganishlar o‘tkazilishi rejallashtirilgan.
Hurmatli, Abdug‘affor Karimjonovich, Sizdan ham mazkur masalada mahalliy hokimliklarga ko‘rsatma berilishida amaliy yordam ko‘rsatishlaringizni so‘rab qolardik.
Shuningdek, 5 430 ta ob'yektda davlat kadastr xujjatlarini rasmiylashtirish va yagona davlat kadastr tizimiga zarur ma’lumotlarni kiritish ham aprel oyidan boshlanishi belgilangan bo‘lib, hozirda jami 440 ta madaniy meros ob'yektlari davlat kadastr ma’lumotlari yagona davlat kadastr tizimiga kiritilgan.
2-bandda Milliy drama va tarixiy asarlarni sahnalashtirish, bu borada amalda respublika teatrlarida sahnalashtirilgan 55 ta milliy drama asarlarini sonini 70 taga va 42 ta tarixiy asarlar sonini 60 tagacha oshirish ko‘zda tutilgan.
2019 yil davomida respublika teatrlarida namoyish etish uchun 55 ta tarixiy, 60 ta milliy drama (26 ta zamon qahramonlari) asarlar tanlab olingan.
2018 yil davomida teatrlarda 26 ta milliy drama, 18 ta tarixiy yangi spektakl sahnalashtirilgan bo‘lsa, 2019 yilda 29 ta milliy drama va 29 ta tarixiy spektakllar sahnalashtirilishi belgilangan.
Masalan, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Jaloliddin Manguberdi”, Muqimiy teatrida “Men kim, Bobur...”, O‘zbekiston davlat drama teatrida “To‘maris”, Andijon viloyati musiqali drama teatrida “Najot yo‘li Navoiyda”, Buxoro viloyati musiqali drama teatrida “Alisher Navoiy”, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida “Al-Hakim at-Termiziy” kabi asarlar.
Hozirgi kunda vazirligimiz Repertuar-tahririyat sho‘’basi tomonidan Salohiddin Sirojiddinovning “To‘maris”, Abdulla Qodiriyning “Jinlar bazmi”, Aziz Nesinning “Jonginam, jonimni ol” asari asosidagi “Ey biz bormiz!”, Mashrab Boboyevning “O‘ttiz yoshlilar”, Esonboy O‘rinovning “Qayda mening yuragim”, Shaodat Usmonovaning “Registon afsonasi”, Akbar Abdullayevning “Xvastliviy siplyonok” hamda Yelizavetta Taraxovskiyning “Cho‘rtan baliq amri bilan” kabi asarlarni sahnalashtirish uchun tegishli xulosalar taqdim etilgan.
3-bandda “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi tomonidan 2018 yilda namoyish etilgan 294 ta tomoshalar sonini 20 % ga oshirish hamda tomoshabinlar sonini 30 %ga oshirish belgilangan.
Bu borada Sirk tomoshalarini kutilmagan tryuklar va ekzotik hayvonlarning chiqishlari bilan boyitish ishlari ham jadal davom etmoqda.
Jumladan, joriy yil fevral oyida Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida, Toshkent shahrida “Jangoh” sport kompleksida, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida tomoshabinlarga sirk tomoshalari ko‘rsatildi.
Joriy yilning 22 martidan bugungi kungacha shanba va yakshanba kunlari “O‘zbek davlat sirki”da 5630nafar tomoshabinlarga Rossiya sirk san’ati ustalari tomonidan “DRIVE” tomoshalari ko‘rsatildi. 5 mayda tugatilib, 6 maydan Afrika sirk san’ati ustalari tomonidan tomoshalar ko‘rsatiladi.
Joriy yilning I choragida jami 29 380 tomoshabinlarga sirk tomoshalari ko‘rsatilgan.
“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga gastrollarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi reja-jadvali tasdiqlangan.
“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining yangi sirk.uz rasmiy veb-sayti hamda elektron jurnali ishlab chiqildi hamda tomoshalar internet saytlarda, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali reklama qilinib kelinmoqda.
4-bandda - xayriya teatr spektakllari namoyishini 2019 yilda 550 tagacha yetkazish, ya’ni 2018 yilga nisbatan qariyiy 2,5 barobarga oshirish belgilangan.
Vazirligimizning tegishli buyrug‘iga asosan “27 mart - Xalqaro teatr kuni” munosabati bilan “Teatr tomoshalari haftaligi”ni tashkil etildi hamda shu kunlari respublika bo‘yicha turli janrlardagi 250 ta spektakllar bepul namoyish etildi. Ushbu namoyishlarga jami 108 mingdan ortiq tomoshabinlar tashrif buyurishdi.
Shuningdek, Davlat teatrlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga gastrolarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi reja-jadvali tasdiqlangan.
Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida Qorqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga jami 36 ta gastrol safarlari amalga oshirilgan.
Aholi, ayniqsa, yosh avlodni teatr faoliyati va teatr san’ati bilan yaqindan tanishtirish, qiziqishini yanada oshirish maqsadida tasdiqlangan rejaga asosan davlat teatrlarida “Bizning teatr” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, yanvar oyida O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, fevral oyida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri, mart oyida O‘zbekiston davlat drama teatri, Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri hamda aprel oyida O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida anjumanlar o‘tkazildi.
5-bandda 225 ta madaniyat va istirohat bog‘larining 80 tasi (35%) foydalanishga topshirilmaganligidan kelib chiqib, joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 50 ta parklarning faoliyatini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Madaniyat vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklikka berilishi madaniyat va istirohat bog‘larining ro‘yxati tuzilib, Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga kiritilgan hamda joriy yil 26 martda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Mazkur qaror qabul qilingach, mazkur bog‘lar hamda madaniyat markazlari davlat xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga beriladi.
6-bandda Muzey rahbarlari va xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha topshiriq aks etgan. Jumladan, muzeylarning rahbarlari va amaldagi ilmiy tarkibining 150 nafari malakasini oshirish belgilangan bo‘lib, vazirlikning 5 fevraldagi buyrug‘iga asosan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Buxoro Davlat universiteti, Farg‘ona Davlat universiteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazlarida muzeylar rahbar va xodimlarining malakalarini oshirish kurslari tashkil etilib, kelinmoqda. Joriy yilning I choragida 2 ta rahbar va 38 xodim malakasini oshirgan.
7-bandda muzeylarning ta’lim muassasalari va yirik tashkilotlarda amaldagi 250 ta ko‘chma ko‘rgazmalar sonini 400 tagacha yetkazish belgilangan.
Bu borada vazirlik tomonidan, tizimdagi davlat muzeylarida 2019 yil davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik tadbirlar va ko‘rgazmalar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra 35 ta muzeylar va ularning filiallari tomonidan 2019 yil mobaynida jami 414 ta ko‘chma ko‘rgazmalar tashkillashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 323 tasi ta’lim muassasalarida, 44 tasi yirik tashkilotlarda va 47 tasi boshqa tashkilot va muassasalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning I choragida hududlardagi muzeylar tomonidan ta’lim muassasalari va yirik tashkilotlarda 100 ga yaqin ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Jumladan, ta’lim muassasalarida 80 ta, yirik tashkilotlarda 10 ta, boshqa tashkilot va muassasalarda 8 ta ko‘chma ko‘rgazmalar o‘tkazildi.
8-bandda 94 ta ko‘zi ojizlar kutubxonalari filiallarining o‘z binosiga ega emasligi hamda 7 ta ko‘zi ojizlar kutubxonalari filiallarining bino va xonalari avariya holatdaligi qayd etilgan.
Joriy yilda 3 ta hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo) Ko‘zi ojizlar kutubxonalarining yangi binolarini qurish hamda avariya holatida joylashgan 5 ta hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2, Sirdaryo 1, Xorazm 1, Surxondaryo 1) Ko‘zi ojizlar kutubxonalarini boshqa binolarga ko‘chirish va ularning filiallariga xonalar ajratish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo Ko‘zi ojizlar kutubxonalarining yangi binolarini qurish texnik-iqtisodiy hisob loyihalari ishlab chiqilib, loyiha-smeta hujjatlariga asosan qurilish va ta’mirlash ishlari 2019 yil 3 choragidan boshlanishi rejalashtirilgan.
9-bandda 42 ta madaniyat markazlarida yangidan qurilish, rekonstruktsiya, kapital ta’mirlash va jihozlash, 74 ta madaniyat markazning faoliyatini tugatish belgilangan.
2019 yil dasturiga kiritilgan 42 ta Madaniyat markazlarini yangidan qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash bo‘yicha texnik-iqtisodiy hisob loyihalarini tayyorlangan, biroq, byudjet qonunchiligiga muvofiq, xarajatlar smetasi joriy yilning 1 apreligacha ro‘yxatdan o‘tganligi munosabati bilan ekspertizadan o‘tkazilmagan.
Hozirgi kunda joriy yilda yangi qurilishi, rekonstruktsiya qilinishi va kapital ta’mirlanishi belgilangan madaniyat markazlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Joriy yilning 1 may kuniga qadar kapital ta’mirlanishi belgilangan madaniyat markazlari hamda 10 may kuniga qadar yangi qurilishi va rekonstruktsiya qiilinishi belgilangan madaniyat markazlari to‘liq ekspertizadan o‘tkaziladi.
Samarasiz ish yuritayotgan 74 ta madaniyat markazlarining Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 263-son qaroriga asosan 2019 yil 1 apreldan faoliyati tugatilgan.
10-banddda respublikada faoliyat yuritayotgan 312 ta bolalar musiqa va san’at maktablaridagi o‘quvchilar soni mavjud sig‘imga nisbatan 1,7 barobarga ko‘pligi qayd etilgan. Ya’ni maktablardagi o‘quvchilar soni 86 mingtani tashkil qiladi (mavjud sig‘im - 51,1 ming).
Shundan kelib chiqib, 6 ta bolalar musiqa va san’at maktablarini foydalanishga topshirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 4, Namangan viloyati - 1, Toshkent viloyati - 1) hamda 6 ta maktabni rekonstruktsiya qilish (Qashqadaryo viloyati - 2, Samarqand viloyati - 2, Toshkent viloyati - 1) belgilangan.
Mazkur maktablar 2019 yil uchun mo‘jallangan Investitsiya dasturiga kiritilgan hamda unga ko‘ra mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Joriy yilning I choragi davomida Namangan viloyatida Mingbuloq tumani 21-son bolalar musiqa va san’at maktabini rekonstruktsiya qilish va Namangan tumani Nurafshon QFYda joylashgan bolalar musiqa va san’at maktabini qurish hamda Toshkent viloyatida Chirchiq shahar Bolalar musiqa va san’at maktabini qo‘shimcha 150 ta o‘quvchiga mo‘ljallangan binosini qurish bo‘yicha loyihalar texnik-iqtisodiy hisob loyihalarini ekspertizadan o‘tkazilgan. Qolgan hududlarda ish davom etmoqda.
11-bandda bolalar musiqa va san’at maktablarida mutaxassislarning atigi 36 %i oliy ma’lumotga ega ekanligini inobatga olib, 2018 yilda oliy o‘quv muasassalaridagi 1 080 ta kvotanni 1 790 tagacha oshirish, shuningdek musiqa va san’at maktablari uchun pedagog kadrlarni o‘qitish va tayyorlash uchun maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish belgilangan.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga talabalarni qabul qilish kvotasini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, 2019 yil 28 fevralda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga kiritilgan.
Bugungi kunda respublikada 312 ta bolalar musiqa va san’at maktablarida 14 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 11749 nafar mutaxassis o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatdi.
Hududlardagi bolalar musiqa va san’at maktablarida 4045 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchilarga bo‘lgan talab aniqlandi.
Xususan, bu ko‘rsatkich, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 278 nafarni, Andijonda 360, Buxoroda 187, Jizzaxda 249, Qashqadaryoda 434, Navoiyda 177, Namanganda 285, Samarqandda 302, Sirdaryoda 322, Surxondaryoda 368, Toshkent viloyatida 434, Farg‘onada 165, Xorazmda 196, Toshkent shahrida 288 nafarni tashkil etmoqda.
Hududlardagi bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni aniqlash borasida kamida uch yil mehnat stajiga ega 5535 nafar mutaxassislarning ro‘yxati hududlar kesimida shakllantirildi.
12-bandda bolalar musiqa va san’at maktablarida faoliyat yuritayotgan 8000 nafar pedagog kadrlarning malakasini oshirilmaganligi qayd etib o‘tilgan. Shu o‘rinda, musiqa va san’at maktablari xabarrlarringiz bor, 2008 yildan, 2017 yilgacha Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan. 2017 yilda yana Madaniyat vazirligi timizimiga o‘tkazildi. Bu yillar davomida umuman malaka oshirish tizimi bo‘lmaganligi bugun ko‘rinib qoldi.
Shuning uchun, biz bu masalani ko‘tarib, sayyor malaka oshirish rejasini tasdiqladik. Baholash mezonida joriy yilda 2 250 nafar pedagog kadrlari malakasini oshirishni tashkil etish ko‘rsatilgan bo‘lsadi, biz 3000 nafar pedagoglarning malakasini oshirishni ko‘zda tutdik.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 fevraldagi “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 149-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etilgan.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha kurslarda joriy yilning birinchi choragida 139 ta pedagog malaka oshirgan.
So‘nggi 13-bandda sohaga informatsion va kommunikatsion texnologiyalarni joriy etilishi, xususan, “Virtual muzey” 40 % ga, elektron katalog 80 % ga bajarilganligidan kelib chiqib, “Virtual muzey” ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha 30 ta muzeydagi ishlarni to‘liq yakunlash va O‘zbekistondagi muzeylarning yagona portalini yaratish hamda 106 ta muzeyda saqlanayotgan 2,5 mln.ga yaqin muzey eksponatlari bo‘yicha ma’lumotga ega elektron katalogni yaratish belgilangan.
Bu borada “Virtual muzey” Yagona portalining texnik shartlari ishlab chiqilgan. Mazkur texnik shartlar asosida yaratiladigan dasturiy ta’minot uchun talab etiladigan xarajatlar kalkulyatsiyasi tayyorlanib, vazirlikning 2019 yilga mo‘ljallangan xarajatlar smetasida 36,54 mln.so‘m byudjet mablag‘lari ko‘zda tutilgan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Konstitutsiyamizning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida jamiyatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar samarasini ta’minlashdagi birinchi vazifa sifatida Oliy Majlis palatalarining parlament so‘rovlari va parlament eshituvlari qonun va qarorlar ijrosini hamda islohotlarimiz samaradorligini ta’minlovchi ta’sirchan vositaga aylanishi kerak, deb ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4038-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan vazirlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot bersam.
Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerakki, muhtaram Prezidentimizning milliy madaniyatni yanada rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilinganligi biz uchun juda quvonchli va shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli voqea bo‘ldi.
Chunki, ushbu qaror va kontseptsiya madaniyat va san’at sohasida ikki yil davomida amalga oshiriladigan ishlarning, ayniqsa, soha oldida turgan ko‘plab muammolarning yechimini ko‘rsatadigan, mexanizmi bor, ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan aniq xarita, desak bo‘ladi.
Ushbu kontseptsiya mamlakatimizda milliy madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishning maqsadi, vazifalari, tamoyillari, shuningdek ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.