O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Poytaxtimizda Turkiya kino kunlari haftaligi boʻlib oʻtadi

2019-04-24 | Madaniyat

“Oʻzbekkino” milliy agentligi hamda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligiga qarashli Kino bosh mudirligi hamkorligida oʻzaro kino kunlarini tashkillashtirishga kelishilgan edi.

Shunga koʻra joriy yilning 25-28 aprel kunlari Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Turkiya kino haftasi oʻtkaziladi. Festival davomida turk kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Novvoy Bobo: Ishq asrori”, “Qashqirlar makoni: Vatan”, “Rafadan Tayfa: Dahliz sarguzashtlari” hamda “Jigarim” filmlari muxlislar eʼtiboriga havola etiladi.
 
Tadbir ochilishida tajribali kinorejissyorlar Kurshat Kizbaz, Hayat Oljay hamda “Qashqirlar makoni” filmidagi Umar bobo roli bilan mashhur boʻlgan aktyor Emin Oʻljay ishtirok etishi kutilmoqda. Taqdim etiladigan filmlar oʻzining mazmundorligi bilan alohida ahamiyatga ega. 
 
Jumladan, “Novvoy bobo: ishq asrori” filmi 115 daqiqalik boʻlib janri tarixiy drama hisoblanadi. Mazkur film rejissyor Kurshat Kizbaz, ssenariy muallifi Mahmut Ulu tomonidan suratga olingan. Filmda aktyorlar Furkan Palali, Tuvana Turkay, Altan Goʻrdum, Saruhan Hunel, Yunus Emre Yildirimer, Gukan Uygunlar ijro etgan.
 
Filmda Hamid bolaligidayoq otadan judolik dardini his etadi. Boshiga tushgan ushbu sinov natijasida oʻzini anglash yoʻlini tutadi va bir pirga shogird tushadi. Ustozining atrofidagi boshqa shogirdlar kabi u ham xonaqohdagi kundalik yumushlarga yordam beradi, non yopishni oʻrganadi. Ayni vaqtda ilm olishni ham kanda qilmaydi. Tez orada ustozining eng suyukli shogirdiga aylanadi. Pirining xohishi bilan Hamid kutilmaganda oila qurishga majbur boʻladi. Vaholanki, uning qalbida oʻzi ham bilmagan ilohiy ishqni topish orzusi allaqachon jo boʻlib ulgurgan edi.
 
“Qashqirlar makoni: Vatan” – Rejissyor Serdar Akar, ssenariy muallifi Alper Erze, Murat Koja tomonidan suratga olingan mazkur film ham tarixiy drama hisoblanadi. Unda aktyorlar Nejati Shashmaz, Jahit Kayaoğlu, Erhan Ufak, Ertugʻrul Shakar, Sinem Oʻzturk, Shenol Ipek, Yujel Ertenlar qatnashgan.
 
Shimoliy Iroqda harbiy amaliyot olib borayotgan Poʻlat Alemdar va odamlari kutilmagan yangilikka duch keladi. Qoʻlga kiritilgan Turkiya xaritasida harbiy qismlar va maxsus otryadlar joylashgan bir qancha muhim strategik obyektlar bilan birga chegaradagi bir nuqtaga belgi qoʻyilgan: Yalavuz… Asrlar davomida turk tuproqlarini ishgʻol etish uchun fursat kutib yashagan yovlar ulkan qoʻshin bilan chegaraga tizilgan, davlat toʻntarishi bilan bogʻliq “mujda”ni kutmoqda. Poʻlat Alemdar va odamlari turk xalqi bilan birga ichki va tashqi dushmanga qarshi ayovsiz kurash olib boradi.
 
“Rafadan Tayfa: dahliz sarguzashtlari”– mazkur animatsion film rejissyor Ismail Fidan, ssenariy muallifi Oʻzan Chivit tomonidan suratga olingan. Film davomiyligi 89 daqiqadan iborat.
 
Istanbul shahridagi qadimgi mavzelardan birida joylashgan uylarning mustahkamligi tekshirilayotgan bir vaqtda xonadonlarning buzilishi haqida mish-mishlar paydo boʻladi. Bu holatni koʻrgan Kushchu Bobo uylarning buzilmasligi, sababi – ushbu mahallada Istanbulning eng qadimiy dahlizlaridan biri mavjudligini aytadi. “Unut boʻlgan Istanbul dahlizlari” kitobida vasf etilgan yer osti yoʻlini qidirayotgan Rafadan Tayfa mahallani saqlab qolish uchun bor imkonini ishga soladi.
 
“Jigarim” filmi esa rejissyor Mert Baykal, ssenariy muallifi Zafer Kulunk tomonidan suratga olingan. Janri dramatik komediya boʻlgan mazkur film 120 daqiqadan iborat. Unda aktyorlardan Burak Oʻzchivit, Murat Boʻz, Asli Enver, Goʻzde Mutluer, Ferdi Sanjar, Nazan Kesal rol oʻynagan.
 
Kamgap va vazmin xarakter egasi boʻlgan Hakan 30 yoshda. U rok musiqasi bilan shugʻullanuvchi mashhur sanʼatkor. Matbuot eʼtiboridan uzoq boʻlishga harakat qilsa-da, ukasi Oʻzan bilan noahilligi gazeta va jurnallarda aks-sado bera boshlaydi. Oʻzan ham 28 yoshdagi mashhur estrada yulduzi. Akasidan farqli oʻlaroq u xushchaqchaq, askiyasevar, sergap va odamijon bir inson. Koʻp vaqt davomida chiqisholmay kelgan aka-ukaning koʻrishmaganiga ham ancha boʻlgan. Yillar oʻtib, ular otalarining janoza marosimida uchrashadilar. İkkiovlon soʻnggi majburiyatini ado etib, yana oʻzlarining avvalgi hayotlarini davom ettirishni oʻylab turganlarida, otalarining vasiyatnomasi barchasini oʻzgartirib yuboradi.
 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA

Поделиться