O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2019-04-24 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda onalik va bolalikni qoʻllab-quvvatlash, bolalarning maʼnaviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod boʻlib yetishishini taʼminlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib bormoqda.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va maʼnaviy yetuk avlod boʻlib yetishishini taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Belgilab qoʻyilsinki:

ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi oʻzlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik” uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga koʻra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar bronlashtirish huquqi beriladi;

bolalarning roʻyxatda turish joyi va fuqaroligidan qatʼiy nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar koʻrsatiladi;

bolalarning davlat organlariga bevosita qilganmurojaatlarini toʻliq koʻrib chiqish kafolatlanadi va bola toʻliq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni koʻrmasdan qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi;

oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga aliment toʻlash haqida ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda toʻlanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish toʻgʻrisida sudga murojaat qilmagan hollarda 14 yoshga toʻlgan bola oʻzining taʼminoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan boʻlsa, bir vaqtning oʻzida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatishga haqli;

bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan daʼvogar davlat boji va boshqa toʻlovlarni toʻlashdan ozod qilinadi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va keng jamoatchilikning:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimini joriy etish va Kotibiyat tuzilmasida bola huquqlarini taʼminlash faoliyatiga koʻmaklashuvchi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 nafardan iborat sektor tuzish;

2019 yil 1 sentyabrdan Oʻzbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini oʻn sakkiz yosh etib belgilash;

qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillari va umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq tamoyillariga zid boʻlmagan mahalliy urf-odat va anʼanalar qoʻllanilishi haqidagi takliflari maʼqullansin.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida bola oʻz fikrini ifoda qilishga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar (shaxslar) bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼiy nazar, jiddiy omil sifatida koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi va Oliy sudi uch oy muddatda bolaning oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish
va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tizimida fuqarolar bilan oʻzaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam koʻrsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun moʻljallangan “ishonch telefoni” (respublika doirasida yagona qisqa raqam boʻyicha hamma foydalanishi mumkin boʻlgan “tezkor aloqa”) tashkil etilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Markazga mazkur “ishonch telefoni” orqali bolalarga koʻmaklashish mexanizmlarini joriy etish hamda maxsus imkoniyatlarga ega boʻlgan veb-saytni ishga tushirish tavsiya etilsin.

5. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga koʻra yashash huquqiga ega boʻlsa, quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi:

Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzgan, yaʼni Oʻzbekistonda yashash huquqini beruvchi hujjatlarsiz yoki haqiqiy boʻlmagan hujjatlar bilan yashagan, vaqtincha yoki doimiy propiska, koʻchish yoki turar joy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmagan, boʻlish muddati tugagach chiqib ketishdan boʻyin tovlagan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzda oʻtish tartibiga rioya qilmagan hollarda;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir etgan jinoyati uchun sud tomonidan belgilangan jazo ijro etib boʻlingan yoki oʻtab boʻlinganidan keyin yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan hollarda.

6. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi
va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlgan chin yetimlar uchun qoʻshimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi ikki oy muddatda ilovaga muvofiq onalik va bolalikka oid statistik maʼlumotlarni “stat.uz” veb-saytiga joylashtirishni va maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilab borishni taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda FHDYO organlari bilan tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashish tizimining toʻliq ishlashini taʼminlashga hamda muassasalarga optik tolali aloqa tarmogʻini oʻrnatishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin hamda yil yakuniga qadar mazkur tizimning toʻliq joriy etilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonunga ushbu qarordan kelib chiqadigan hamda uning faoliyatini yanada takomillashtirishga va jamoatchilikning keng ishtirok etishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartirishlarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritish tavsiya etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2019 yil 1 sentyabrga qadar:

a) Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz va Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-huquqiy maqomi hamda bunday bolalarni tarbiyalash uchun joylashtirish shakllari;

farzandlikka oluvchi oilalarni tayyorlash va ularga koʻmaklashish tartibi;

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasi, mulkiy va nomulkiy huquqlarining kafolatlari;

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida boʻlish huquqlarini taʼminlash;

yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar “Mehribonlik” uylari va internatlarni oʻqib tugatganidan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish;

b) Adliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi oʻzlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik” uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga koʻra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga qadar bronlashtirish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda bolalar uylari, nogiron bolalar uchun “Muruvvat” internat uylari, sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va maktabgacha taʼlim muassasalarida suiisteʼmolchiliklarning oldini olish va qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan jamoat nazoratini oʻrnatishni nazarda tutuvchi amaliy mexanizmni joriy qilishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz bilan birgalikda uch oy muddatda:

a) Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuniga:

bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zoʻravonliklar turlari hamda uning oldini olishga oid choralarni;

sudgacha va sud jarayonida jinoyat protsessi ishtirokchisi boʻlgan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qoʻshimcha kafolatlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni;

b) Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olish oʻrniga, ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlovchi mexanizmlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni;

v) Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni yollanma sifatida jalb etish, oʻqitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy taʼminot berish, xuddi, shuningdek, undan harbiy toʻqnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish jinoyati uchun javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi normalar bilan toʻldirishni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni;

g) Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining odam savdosi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 135-moddasini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga doir Fakultativ protokolga (2000 yil 25 may, Nyu-York) implementatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda xodimlarning oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar bilan ishlashi boʻyicha metodik qoʻllanma ishlab chiqsin hamda oʻz xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshirib borsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:

Bosh prokuratura, Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda vasiylik va homiylik organlari tizimini qayta koʻrib chiqib, ularning maqomini belgilash hamda faoliyatini takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini;

oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning huquqiy munosabatlar subyekti sifatida qatnashishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qonun hujjatlaridagi “voyaga yetmagan” va “bola” kabi tushunchalarni birxillashtirish yuzasidan oʻzgartish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki oy muddatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasining oʻttiz yilligini keng nishonlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini;

uch oy muddatda Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturini tasdiqlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiya (O.B.Murodov) hamda Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo ekspert guruhi (A.Yu.Mavlonov) bir oy muddatda tegishli kodekslar ishlab chiqilishida foydalanish va milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida yuvenal adliya tizimini joriy etish boʻyicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mehnat qonunchiligiga koʻra ishga kirish huquqiga ega boʻlgan bolalarning mehnatidan foydalanishda ularning huquqlari kafolatlanishini taʼminlovchi qoidalarni keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib qilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

19. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A.Abduhakimov va T.K.Norboyeva zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 22 aprel

Поделиться