O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot resurslari” XIII xalqaro konferensiyasiga ikki kun qoldi
2019-04-23 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasi tashkil etilishi bilan bogʻliq masalalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Mazkur xalqaro tadbir Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida oʻtkaziladi.
– Konferensiyada mahalliy vakillardan tashqari, Turkiya, Rossiya, AQSH, Pokiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Germaniya, Latviya, Belarus, Turkmaniston, Janubiy Koreya kabi jami 10 davlatdan soha mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda, – deydi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Konferensiya dasturi doirasida kitobxonlikni rivojlantirish, sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalarga bagʻishlangan ilmiy shoʻbalar, amaliy seminarlar, mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, konferensiya ilmiy maqolalar toʻplami ham nashr etildi va ishtirokchilarga tarqatiladi.
Tashkilotchilar tomonidan taʼkidlanishicha, bu yilgi konferensiya oʻtgan yildagisidan milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi UzNEL dasturining ishlash jarayoni boʻyicha mahorat darslari, MDH va xorijiy davlatlar Milliy kutubxonalari bilan hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi, qolaversa, mutaxassislarining yurtimiz kutubxonachilik sohasiga qiziqish bildirilayotganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Inobat Ahatova, OʻzA