O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi Koreya Respublikasi Ilm-fan va axborot kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi bilan memorandum imzoladi
2019-04-23 | Innovatsiya
19 aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Koreya Respublikasi Ilm-fan va axborot kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Yu Yong Min ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiya sohalarida hamkorlik bo‘yicha O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar.
O‘zbekiston ko‘plab xorijiy mamlakatlar bilan amaliy o‘zaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Bunda yuqori iqtisodiy, ilmiy-texnik, innovatsion va intellektual imkoniyatlarga ega bo‘lgan Koreya Respublikasi bilan ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
2018 yili Koreya Respublikasi yalpi ichki mahsulotning 4,24 foizini, ya’ni 79,4 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni ilm-fan sohasiga sarflab, dunyoda ilm-fanga eng ko‘p e’tibor beruvchi mamlakatlar ichida 2-o‘rini egalladi. Shularni inobatga olgan holda mazkur mamlakat bilan innovatsiya sohasida samarali munosabatlarni o‘rnatish o‘ta muhimdir.
O‘tgan yillarda O‘zbekiston va Koreya ilmiy jamoatchiligi o‘rtasidagi ilmiy-texnik aloqalarni mustahkamlash maqsadida Koreya rivojlanish instituti, Koreya ilmiy-texnik axborot instituti, Koreya politexnika universiteti, Koreya ilm-fan va texnika jamg‘armasi va muassasalar bilan qator ilmiy-tadqiqot ishlar bajarilgan.
Ilmiy-texnik hamkorlik doirasida qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, sog‘liqni saqlash, fizika-kimyo, axborot va kommunikatsiya, ishlab chiqarish texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar o‘zbek olimlarining ilmiy tadqiqot ishlariga Koreya investitsiyalarini jalb etish, Koreya ilmiy laboratoriyalarining asbob-uskunalari va materiallaridan foydalanishga, shuningdek xalqaro ilmiy jurnallarida maqolalarini chop etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Koreya Respublikasi Ilm-fan va axborot kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi o‘rtasida hamkorlikning o‘rnatilishi ikki mamlakat ilmiy jamoatchiligi o‘rtasidagi hamkorlikning samarali rivojlanishiga turtki bo‘ladi.