O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“FEI Jumping Childrenʻs Classic Final-2019”: bu safar meksikalik chavandoz tengsiz
2019-04-22 | Sport
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Allyur” ot sporti klubida “FEI Jumping Childrenʻs Classic Final-2019” musobaqasining final bosqichi davom ettirildi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 12ta davlatidan eng iqtidorli yosh chavandozlar gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Osiyoda ilk marotaba tashkil etilgan “FEI Jumping Childrenʻs Classic Final-2019” musobaqasi ot sporti boʻyicha 15 yoshgacha boʻlgan chavandozlar oʻrtasidagi eng nufuzli turnirlardan biri hisoblanadi. Bunday yirik sport anjumaniga mezbonlik qilish huquqining yurtimizga ishonib topshirilishi – bu Xalqaro ot sporti federatsiyasining Oʻzbekistonga boʻlgan yuksak eʼtirofi nishonasidir.
Musobaqaning ikkinchi kunida chavandozlar balandligi 1 metru 10 santimetr boʻlgan toʻsiqlarni tez va bexato bosib oʻtish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdi. “FEI Jumping Childrenʻs Classic Final-2019” xalqaro bolalar kubogining final bosqichi oʻz atrofiga chindan ham eng iqtidorli chavandozlarni jamlaganini alohida taʼkidlash kerak. Fikrimizni bugun qayd etilgan natijalar ham tasdiqladi. 19 nafar ishtirokchidan naqd 10tasi dastlabki saralash bosqichini bexato bosib oʻtishdi va natijada ular gʻolibni aniqlash uchun qayta sakraydigan boʻldi. Bunaqasi ushbu yosh toifasidagi musobaqalarda hali kuzatilmagan edi va bu ham har bir ishtirokchining naqadar mahoratli ekanidan darak beradi. Ana shu 10 nafar chavandoz qatoridan hamyurtimiz Abdurahmon Abdullayev ham joy oldi.
Afsuski ikkinchi urinishda Abdurahmonning omadi yurishmadi, u xatoga yoʻl qoʻydi. Aks holda hamyurtimiz bronza medalini qoʻlga kiritishi mumkin edi. Sovrinli oʻrinlarni esa bu safar Meksika, Suriya va Rossiya vakillari boʻlishib oldi. Meksikalik Kamila Saad Vega Karpus laqabli ot bilan belgilangan masofani 33,90 soniya ichida bosib oʻtdi va bu eng yaxshi natija sifatida eʼtirof etildi. Suriyalik Lays Ali esa Koko laqabli tulporda 34,02 soniya natija bilan 2-oʻrinni egalladi. Kechagi musobaqalar gʻolibi boʻlgan rossiyalik Darya Kukushkina bu safar 3-oʻrin bilan cheklandi.
Ertaga musobaqaning hal qiluvchi Gran-pri bosqichi oʻtkaziladi. Umid qilamizki, bu safargi bahslarda vakillarimizga omad kulib boqadi.
O.Eshmamatov, Yo.Meliboyev (surat), OʻzA