O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bayram Samarqandda nishonlandi

2019-04-19 | Jamiyat

2017 yil 18 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. 2018 yil 2 aprelda esa “Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi va 18 aprel – Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va uning hududiy boshqarmalari rahbarlari, soha xodimlari kasb bayrami munosabati bilan Samarqandda jam boʻldi.
 
Dastlab vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishi oʻtkazildi. Unda vazirlik tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, joriy yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
 
Taʼkidlandiki, bugungi kunda mamlakatimizda aholi sonining oshib borayotgani, shaharlar va aholi punktlarining tobora kengayishi, yangi turar joy massivlari barpo etilishi, kommunal xizmatlar sifati va uzlkusizligiga talab kuchayishi kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga yangicha yondashuvni taqozo etmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish esa uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
 
Yangi tashkil etilgan vazirlikda suv va issiqlik taʼminoti tashkilotlari, injiniring kompaniyalari, loyiha tashkilotlari, “Kommunxizmat” agentligi yagona markazlashgan tizimga birlashtirilgani, viloyat, tuman va shaharlarda uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarma va boʻlimlari, uy-joy fondini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgani bu vazifalarni bajarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
 
Hozirgi kunda vazirlik tizimidagi 140 dan ortiq tashkilot, korxona hamda ularning tuman va shahar boʻlimlarida 32 mingdan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Soha xodimlarining mashaqqatli va fidokorona mehnati tufayli yurtimizning barcha hududlarida kommunal sohani rivojlantirish, aholiga zamonaviy va sifatli kommunal xizmat koʻrsatish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Jumladan, 2018 yilda mamlakatimiz boʻyicha 8055 ta koʻp xonadonli uy mukammal va joriy taʼmirlandi, hududlari obodonlashtirildi. Buning natijasida 1 milliondan ortiq aholining turmush tarzi va yashash sharoiti tubdan yaxshilandi.
 
Issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish boʻyicha 18,9 milliard soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, issiqlik taʼminoti boʻlmagan 301 ta koʻp xonadonli uy issiqlik energiyasi bilan taʼminlandi.
 
2018 yilgi Investitsiya dasturiga asosan 721,8 milliard soʻmlik 282 ta loyiha boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakunlandi. 32 ta yirik obyektda keng koʻlamli qurilish ishlari olib borilmoqda. Natijada 600 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi.
 
Xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan 8 ta yirik loyiha doirasida ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rivojlantirish boʻyicha hajmi 74,51 million AQSH dollari boʻlgan qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokidagi “Fargʻona va Margʻilon shaharlari oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiyasi” loyihasi yakunlanib, ishga tushirildi. 322 mingga yaqin aholining kanalizatsiya xizmatlari taʼminoti yaxshilandi.
 
Ayni paytda Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga Jizzax viloyatining, Qashqadaryo viloyatida “Oqsuv – Dehqonobod” suv quvuri qurilishi orqali Dehqonobod tumani aholisining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash kabi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
 
Hayʼat yigʻilishida joriy yilga moʻljallangan investitsiya dasturida belgilangan vazifalarni bajarish, loyihalarni oʻz vaqtida yakunlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
 
Tadbir ishtirokchilari Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi faoliyati, jumladan, Samarqand shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi, tajriba almashdi.
 
Shundan soʻng Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.Soliyev, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
 
Tadbirda bu yil ilk bor taʼsis etilgan “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan bir guruh xodimlarga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Vazirlik tizimida mehnat qilayotgan 300 nafar ishchi-xodim joriy yilda mazkur koʻkrak nishoniga munosib deb topildi.
 
Shuningdek, marosimda soha korxona va tashkilotlari 10 dan ortiq nominatsiya boʻyicha taqdirlandi.
 
– Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda 1243 ta koʻp qavatli uy boʻlib, keyingi ikki yilda ushbu turar joylarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng koʻlamli ishlar olib borildi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi masʼul xodimi Lolaxon Davletova. – Ayniqsa, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha bir qator loyihalar amalga oshirilib, bu borada mavjud vaziyat yaxshilandi. Bu mamlakatimizda yangi vazirlik tashkil etilgani va sohaga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasidir. Shu ishlarda qoʻshgan hissam eʼtirof etilib, “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganimdan xursandman. Kelgusida soha rivoji uchun yanada koʻproq mehnat qilib, xalqimizga xizmat qilishni oʻz burchim deb bilaman.
 
Tantanali marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
 

Gʻolib Hasanov, OʻzA

Поделиться