O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jome’ masjidi – Ho‘qandi latifning ko‘rki

2019-04-18 | Madaniyat

Qo‘qon shahrida ham juda ko‘plab tarixiy yodgorlik va obidalar bo‘lib, ular o‘zining qadimiyligi, mustahkamligi, o‘ziga xos arxitektura ko‘rinishi bilan yurtdoshlarimiz va sayyohlarning diqqatini o‘ziga tortmoqda. Ana shulardan biri Jome’ masjidi hisoblanadi.

Mazkur masjidning qurilishi tarixi Qo‘qon xoni Sayyid Muhammad Olimxon nomi bilan bog‘liq. 

Olimxon davri (1798-1810)ga kelib shahar masjidi juda eskirib, nufuzi o‘sib kelayotgan aholi uchun torlik qilib qolgan edi. Olimxon yangi masjid qurish borasida ko‘pni ko‘rgan keksalar bilan maslahat qilganida, ular mavjud Jome’ azaldan shu yerda joylashganligini aytadi. Olimxon Jome’ni vaqtincha “Mir” madrasasining katta hovlisiga ko‘chirib, eski Jome’ o‘rnida qurilishni boshlatib yuboradi. Biroq imorat odam bo‘yi ko‘tarilganda uning qurilishi to‘xtatib qo‘yiladi.

Said Muhammad Umarxon davriga kelib 1816 yilda qurilish yangidan boshlanadi, 1818 yilda nihoyasiga yetadi. Bu haqda muarrix Mahmud Hakim Yayfoniy “Xullasi ut-tavorix” asarida shunday yozadi: “...Va zamoni maymanatosori Amir Umarxonni zamonida Umarxon imorati qadimani joyiga imorat bino qildi, binobarin “Boz Jome’i zuhur” maddai ta’rix bo‘ldi”. Ushbu parcha masjid qurilib bitgan yilni ko‘rsatishi bilan bir qatorda, majmua qadimgi imorat o‘rnida qurilganligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Qurilishga o‘z zamonasining yirik me’mori, allomasi va shoiri bo‘lmish Mulla Xudoyor Istravshaniy – mahviy boshchilik qilgan. Fazliyning “Majmuai shoiron” asarida keltirilishicha, Jome’ masjidi qurilishiga Mahviy sarkor etib tayinlangan va uning qo‘lida ikki yuz nafar moniysifat me’morlar ishlaganlar. Bino tarxini Mahviy o‘zi tayyorlagan.

Inshoot murabba’ (kvadrat) shaklida bo‘lib, g‘arb tomonini masjidning asosiy qismi – ayvon va xonaqoh egallagan. Qolgan 3 tomonida darvoza va eshiklar, hujralar, darsxonalar, xo‘jalik binolari, tahoratxonalar va boshqa zaruriy binolar bo‘lgan. F.Yegorov va “Sadoyi Farg‘ona” ro‘znomasi xodimi Yusufxon Mirzo tomonlaridan 1914 yili tuzilgan hisobotda Jome’ madrasasida yuzta hujra bo‘lganligi va ularda 220 tolibi ilm istiqomat qilganligi qayd etilgan.

Masjid hovlisining qoq o‘rtasida balandligi 22,5 metr keladigan minora qad ko‘targan. 

Minoradan har to‘rt taraf tashqi devorigacha bo‘lgan masofa roppa-rosa 44 metrdir. Yuqoriga chiqish uchun aylanma zinapoya qilingan. Minora musulmon g‘isht bilan urilgan. Naqsh va bezaklardan holi. 1975-1982 yillarda olib borilgan ta’mir ishlari mobaynida minora mezanasiga ganchdan ishlangan naqshkor panjaralar o‘rnatildi.

Masjid ulkan ayvon va uning ichidagi xonaqohdan iborat bo‘lib, ayvonning uzunligi 97,5 metr, eni 25,5 metrdir. Xonaqoh ayvonning ichiga, uning qibla devoriga yondashtirib qurilgan. 

Devorlari g‘ishtdan urilgan bo‘lib, ganch bilan suvalgan. Devor suvog‘i ramziy to‘rtburchak pannolarga bo‘lingan. Har bir pannoga ravoqlar solingan. Ravoqlar islimiy o‘yma ganch naqshlar bilan bezatilgan. Devorning pastki qismi “Chaspak” usulidagi o‘yma va bo‘rtma naqshlar bilan bezatilgan. Naqshlar bo‘yoqdan holi. Devorlarning shiftga ulanishi zanjiralar, muqarnaslar vositasida uyg‘unlashtirilgan.

Xonaqoh va ayvonning shifti Qur’oni karim suralari soniga moslab, 114 toqiga bo‘lingan. Har bir toqi o‘ziga xos islimiy naqshlar bilan bezatilgan bo‘lib, bir-birini takrorlamaydi. 

Shiftning mehrobga yaqin qismi boshqa qismlardan bir o‘rtacha uy balandligida xashtiyak uslubida baland ko‘tarilib, havo aylanib turishi uchun darchalar ochilgan. Har bir toqidagi to‘sin vassalar qo‘shni toqiga nisbatan ko‘ndalang – “perpendikulyar” holatda yotqizilgan va bu bilan rang-baranglikka, “toqilar o‘yini”ga erishilgan.

Bino shiftini 98 ustun ko‘tarib turadi. Ba’zi kishilar uchun bu raqam g‘ayritabiiy ko‘rinadi. Usta – me’morlarning hisobiga ko‘ra 114 toqini ko‘tarib turish uchun ayvon va xonaqoh devorlarini ham hisobga olinganda aynan 98 ustun kerak bo‘lgan. Ustunlar marmar tagliklarga o‘rnatilib, tag qismi to‘rt qirrali konus shaklida, beldamchasi tuxum shaklida o‘yib shakllantirilgan hamda tag qismi pargori va islomiy o‘yma naqshlar bilan bezatilgan. Yuqori qismiga muqarnaslar kiydirilgan. Shoir Fazliyning ta’kidlashicha, ayvon ustunlari kumush suvi bilan, muqarnaslar esa zarhal bilan bo‘yalgan.

Ma’lumki, Qo‘qon shahri Farg‘ona bog‘ining sizot suvlari yer yuziga yaqin joylashgan zax joyda o‘rnashgan. Shu tufayli, masjid binosi tez orada ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. 1847 yillarda esa katta ta’mir ishlari olib borildi. Muarrix Mirzaolim Mushirif “Ansob us-salotin” asarida “Ta’mir asnosida masjid ayvonining isloh qilinganligi, shundan so‘ng ayvon yanada ko‘rkam bo‘lganligi, ta’mir ishlari masjid vaqf mulkidan tushgan 2 yillik daromad hisobidan olib borilganligi” haqida yozib qoldirgan.

1905-1907 yillarda Qo‘qonning mo‘tabar kishilaridan bo‘lmish Mirhabibboy tashabbusi bilan masjid binosi hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. Ta’mir jarayonida ustunlarning ayrimlari almashtirildi, naqsh-nigorlari yangilandi.

Mustaqillik yillarida ham barcha tarixiy obidalar qatorida mazkur Jome’ masjidi ham qayta ta’mirdan chiqarildi. Ayni kunlarda bu yer barcha yurtdoshlarimiz va sayyohlarning “tashrif qog‘ozi”ga aylangan. Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonida bu tarixiy obida ham yanada obod manzilga aylanmoqda.

 

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA

Поделиться