O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston – Koreya: erkin iqtisodiy zonalar hamkorligi
2019-04-18 | Iqtisodiyot
Janubiy Koreya Respublikasining “Inchxon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi rahbari Kim Jin Yong boshchiligidagi ishbilarmonlar vakillari Namanganda bo‘ldi.
Mehmonlarni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabul qildi.Uchrashuvda shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat davlat soliq, bojxona, iqtisodiyot va sanoat, savdo-sanoat palatasi, investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari boshliqlari, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori, To‘raqo‘rg‘on, Chust tumani hokimlarining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yildan yilga kengayib borayotgani, yangi loyihalar, xususan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi va “Inchxon” erkin iqtisodiy zonasi hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Yuqoridagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, maqsad va vazifalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot beruvchi videolavhalar vositasida tomonlar o‘zaro taqdimot o‘tkazdi.
Uchrashuvda ta’kidlandiki, viloyatda tashkil etilgan “Kosonsoy-Farm” va “Namangan” erkin iqtisodiy zonalari hamda 6 ta kichik sanoat zonasida xorijiy sarmoyalarni kiritish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, Chust tumanida 681 gektar maydonda joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonada umumiy qiymati 234 million dollarlik 12 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, chuqur qayta ishlash va qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal, charm-galantereya, oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, avtomobilsozlik, qurilish industriyasi yo‘nalishlarida ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, zamonaviy infratuzilma va logistika xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, mahalliy xom ashyolardan yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash mazkur erkin iqtisodiy zonaning asosiy maqsad va vazifasidir.
– 2016 yilda viloyat hokimi boshchiligida namanganlik ishbilarmonlarning Koreyaga tashrifi chog‘ida Inchxon va Namangan hamkorligi to‘g‘risida memorandum imzolangan edi, – dedi Kim Jin Yong. – Bizning bugungi tashrifimizdan maqsad ana shu hujjat asosida amaliy hamkorlik ishlarini boshlashdir. Hozircha qaysi yo‘nalishda sarmoya kiritish to‘g‘risida gapirish erta, buni biz “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi bilan yaqindan tanishgach aniqlaymiz. “Namangan” va “Inchxon” erkin iqtisodiy zonalari hamkorligida ikki tomonlama manfaatli loyihalar amalga oshiriladi.
Mehmonlar Namanganning diqqatga sazovor joylari, jumladan, yangi barpo etilayotgan “Afsonalar bog‘i”, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Akramjon Sattorov, O‘zA