O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suv soligʻi – tеjamkorlik omili
2019-04-17 | Iqtisodiyot
Joriy yilda Surxondaryo viloyatida suv soligʻi toʻlovchilari 2018-yilga nisbatan qariyb 10 barobarga oshib, hozirda ularning soni 3122 nafarni tashkil etmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning yangi stavkalari tasdiqlandi.
Unga koʻra, yer osti va yer usti suv resurslarining 1 kub metri uchun 2019-yilda:
-iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi korxonalar, dehqon xoʻjaliklari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida suv resurslaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar – 150 soʻm va 120 soʻm;
- sanoat korxonalari - 430 soʻm va 360 soʻm;
- avtotransport vositalarini yuvish korxonalari - 1500 soʻm va 1200 soʻm;
-elektr stansiyalari 50 soʻm va 30 soʻm;
-kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari 80 soʻm va 60 soʻm;
- alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish uchun foydalanilgan suv hajmi boʻyicha 19040 soʻm miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlashi belgilangan.
- Korxonamiz yiliga oʻrtacha 300 ming litr salqin ichimliklar ishlab chiqarish quvvatiga ega, - deydi Termiz shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkor Panji Tursunov. - Foydalanilgan suv hajmi boʻyicha 1 kub metr yer osti suvi uchun 19040 soʻm miqdorida suv soligʻi toʻlaymiz. Bu har bir litr ichimlik suvi tarkibida oʻrtacha 19 soʻm suv soligʻi mavjud deganidir. Koʻrib turganingizdek, suv soligʻining miqdori yuqori emas. Suv soligʻining mavjudligi undan oqilona foydalanishga undaydi. Aslida, tabiat neʼmatlarini asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish barchamizning burchimizdir!
Taʼkidlash joizki, oʻtgan yili viloyatda 1 milliard soʻm miqdorida suvdan foydalanganlik uchun soliq hisoblangan boʻlsa, 2019-yilda hisoblangan soliq summasi 3,4 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Ushbu soliqlarning shaharu qishloqlarimiz ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash, xususan, eng olis hududlarga ham toza ichimlik suvini yetkazishda hissasi katta.