O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi bilan uchrashuv
2019-04-17 | Siyosat
2019-yilning 17-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya hamraisi, Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi Davlat kotibi Jan-Batist Lemuan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 8-9-oktabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda o’zaro manfaatli barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Ko‘pqirrali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi alohida ta’kidlandi. Fransiya O‘zbekistonning Yevropadagi yirik savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. 2018-yil yakuniga ko’ra ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 19,1 foizga o‘sdi. Madaniy, gumanitar, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlik faollashdi.
Samarqand shahrida 16-aprel kuni o'z faoliyatini boshlagan Fransiya Faxriy Konsulligining ochilishi ushbu yo‘nalishlardagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jan-Batist Lemuan Samarqand va Toshkent viloyatlariga tashrifidan olgan taassurotlari to‘g‘risida so‘zlab berdi. Davlat kotibi mazkur viloyatlarda Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi va muvaffaqiyatli hamkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Suhbat davomida 2019-yili bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Fransiya uchrashuvlari jadvali, jumladan, siyosiy maslahatlashuvlar va boshqa qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralarda Fransiyaning O‘zbekistondagi Elchisi Violen de Vilmor ishtirok etdi.
* * *
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston-Fransiya hujjatlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat kotibi Jan-Batist Lemuan va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isakov Oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiya va maxsus ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ahdlashuv bayonnomasi, Huquq sohasida almashinuv va hamkorlik to‘g‘risidagi ma’muriy kelishuv, Davlat moliyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ahdlashuv bayonnomasini imzoladilar.