Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois ham yurtimizdagi tibbiyot muassasalarida eng mukammal va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilayotir. Bu borada bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan dasturlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Joylarda ixtisoslashtirilgan shifo maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jahon andozalari darajasidagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi xastalikka aniq tashxis qo‘yilib, samarali muolaja qilish imkonini beryapti.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus Respublikasi kabi mamlakatlarning tibbiyot sohasi mutaxassislari, professorlar ishtirok etdi.
Xalqaro doirada o‘tkazilgan anjumanning asosiy maqsadi tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy uslublarini kundalik amaliyotga tatbiq etish, shifokorlarning o‘zaro bilim almashishiga imkon yaratishdir. Ishtirokchilar kardiologiya, antibiotikoterapiya, gastroentrologiya, nevrologiya, akusher-ginekologiya, pediatriya va endokrinologiyadagi murakkab kasalliklarni erta aniqlash, davolash yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, kongress davomida yangi, zamonaviy dori vositalari, tibbiyot uskunalari, tibbiyotga oid nashrlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda mamlakatimiz va xorijiy farmasevtika kompaniyalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish, innovatsion dori vositalari, ularning samaradorligi va qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
B.Meliqulova, O‘zA