O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Bir makon-bir yo‘l» hamkorlikdagi qurilishda o‘zbek-xitoy hamkorligi salohiyati
2019-04-17 | Jamiyat
2019 yilning 16 aprel kuni Toshkentda «Bir makon-bir yo‘l» tashabbusining amalga oshirilishida o‘zbek-xitoy hamkorligi salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori B.X. Turayev ham «O‘zbekiston va Xitoy strategik hamkorligi rivojlanishida «Yangi ipak yo‘li» iqtisodiy kamari ta’siri» mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Xitoy uchun alohida iqtisodiy hamkordir. «Yagona kamar, yagona yo‘l» dasturi amalga oshirilishi sababli har ikkala mamlakat munosabatlari yangi bosqichga o‘tib, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida tez suratlarda rivojlanmoqda.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ta’kidlanganidek «Yagona kamar, yagona yo‘l» dasturi Osiyo, Yevropa va Afrika hududining hamkorlikda rivojlantirilishiga qaratilgan bo‘lib, Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlari iqtisodiyotlari orasida yangi aloqani o‘rnatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Dastur barcha manfaatdor davlatlar, xalqaro va hududiy tashkilotlar faol ishtirokini ta’minlagan holda, tomonlar manfaatlarini ko‘zlamoqda.
Ta’kidlab o‘tish joizki, o‘zbek-xitoy munosabatlari tarixan o‘zaro hamkorlik, hurmat va manfaatli do‘stona munosabatlarga asoslangan bo‘lib, bugungi kun sharoitlarida O‘zbekiston Qadimiy Ipak yo‘lini hamkorlikda tiklashdan alohida ravishda manfaatdordir. Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ilgari surilgan «Yagona kamar, yagona yo‘l» dasturi tashabbusi, hududimizda joylashgan barcha davlatlar rivojlanishi va gullab-yashnashi uchun yaxshi maydondir. O‘zbekiston Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda savdo, transport aloqasi, turizm, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik qilishga doimo tayyor.
Har ikkala mamlakat orasidagi Ipak yo‘li iqtisodiy kamarini yaratish bo‘yicha tashlagan ildam qadamlari natijasi o‘laroq, davlatlarimiz orasidagi turli jabhalardagi hamkorligi rivojlanib bormoqda. Mazkur tadbir o‘zbek-xitoy munosabatlarining yangi sifat darajasiga chiqishi uchun kuchli turtki bo‘lishiga aminmiz, zero u har ikkala qadimiy tamaddunlar uchun Buyuk Ipak Yo‘lining yangi davrda rivojlantirilishi imkoniyatlarini ochib bermoqda.