O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, davlat-xususiy sheriklik qonun bilan tartibga solinadi
2019-04-17 | Turizm
2019-yil 16-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Parlament vakillari dastlab «Turizm to‘g‘risida»gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlash joizki, Oliy Majlis quyi palatasining shu yil 2 aprelda bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur loyiha “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rinishida ikkinchi o‘qishda qizg‘in muhokamalarda ko‘rib chiqilgan edi. Unda deputatlar tomonidan bildirilgan fikr, muhokama va takliflarning asosiy maqsad-mohiyati amaldagi “Turizm to‘g‘risida”gi qonunga qariyb yetmish foiz o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani, turizmga endilikda iqtisodiyotning strategik maqomi berilganidan kelib chiqib, loyiha uchinchi o‘qishga “Turizm to‘g‘risida”gi yangi qonun sifatida tayyorlandi. Unda belgilangan 21 ta asosiy tushunchadan 9 tasi, masalan, “turistik xizmatlar buyurtmachisi”, “joylashtirish vositasi”, “turistik faoliyat” kabi tushunchalar tegishli moddalarga singdirildi va asosiy tushunchalar sirasidan chiqarib tashlandi. Loyiha qator yangiliklar, yangi atamalar va tushunchalarga boy bo‘lgani uchun Qonunchilik palatasining Normativ-huquqiy atamalar komissiyasida qonun ijodkorlari, mutaxassislar va tilshunoslar ishtirokida yana bir bor muhokamadan o‘tkazilib, yuridik atamalar va til qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirildi.
Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham muhokamalarga boy bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning rivojlanishi uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish mamlakatning energetik, ekologik va iqtisodiy xavfsizligi maqsadlarida, shuningdek, respublika energetikasining barqaror rivojlanishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energetika chekka, tog‘li va uzoq hududlarning energiya ta’minotida iqlim sharoitimizga mos quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, shamol resurslari, biomassa va geotermal energiya iqtisodiy asoslangan energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Muhokamalar chog‘ida qayd etilganidek, ayni sohadagi munosabatlarni tartibga solish borasida qator normativ hujjatlar, tegishli qarorlar qabul qilingan, keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada alohida qonunning qabul qilinishi esa, avvalo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada keng rivojlantirish va joriy etishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy bazani, sohadagi ishlar uchun qonuniy asos, kafolat yaratish orqali chet ellik investorlarning ishonchini qozonish hamda manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida, ijtimoiy sohalarda energiya samaradorligini hamda yoqilg‘i-energetika balansini, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlash, sohada davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini va majmuaviy chora-tadbirlarini tizimli mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishdagi muhokamalarda bildirilgan asosiy e’tirozlar — havolaki normalar bartaraf etildi, sohaning vakolatli organi aniq belgilandi.
Majlisda muhokamasi qizg‘in kechgan masalalardan yana biri «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi. Qayd etilganidek, mazkur loyiha mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asosini yaratish, xalqaro amaliyotga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish bo‘yicha yagona qoida va tartibotni o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Loyihaning qabul qilinishi chet el investitsiyalarni yanada keng jalb etish, istiqbolli loyihalarni xalqaro tajriba asosida amalga oshirishga imkon beradi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, davlat-xususiy sheriklik jarayonlariga jalb qilinadigan sohalarda mutaxassislarning malakasini yuksaltirishga ko‘maklashadi.
Mazkur qonun loyiha muhokamalari mobaynida siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraktsiyalari o‘zlarining qat’iy munosabatini bayon etdi. Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) fraktsiyasi a’zolarining fikricha, yurtimizda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, institutsional islohotlar investitsiya muhitini yaxshilashga, xorijiy va mahalliy investorlar sonining ortib borishiga ko‘maklashishi barobarida, an’anaviy ravishda davlat tasarrufida va boshqaruvida bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohada to‘planib qolgan muammo hamda kamchiliklar davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etishni jadallashtirish yuzasidan muhim choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.
Loyiha O‘zLiDePning bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqobatdoshligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalariga to‘liq mos keladi.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraktsiyasi a’zolari qonun loyihasi xususida fikr yuritar ekan, uning qabul qilinishi O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklikning mustahkam huquqiy asosini yaratishiga ishonch bildirdi. Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, xalqaro tajriba asosida loyihalarni amalga oshirishga imkon yaratishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, qonun loyihasi qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishiga, davlat-xususiy sheriklik jarayonlariga jalb etiladigan mutaxassislarning bilim va mahorat darajasini oshirishga yordam berishi qayd etildi. Ushbu partiya saylovoldi dasturida ayni yo‘nalishda belgilangan ustuvor maqsad-vazifalarga to‘la mos keladigan ushbu qonun loyihasida davlat-xususiy sheriklikning maqsad va mezonlari, amal qilish muddati, ta’sir etish sohalari, shartnoma tomonlari hamda institutsional mexanizmi aniq belgilangani bayon qilindi.
Qonuni loyihasi O‘zbekiston XDP fraktsiyasi tomonidan ham partiyaning dasturiy maqsadlaridan kelib chiqqan holda, chuqur tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi ijtimoiy soha ob'yektlarini qurib, foydalanishga topshirish borasidagi ko‘plab muammolar yechimiga ham xizmat qiladi. O‘z navbatida, fraktsiya a’zolari loyihaning O‘zbekiston XDP Saylovoldi dasturidagi vazifalar bilan hamohangligidan kelib chiqib, uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga, fraktsiya a’zolari tomonidan davlat-xususiy sheriklik munosabatlari davlat manfaatlarini hisobga olib, har tomonlama maqbul shartlarda, adolatli bo‘lishi yuzasidan qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraktsiyasi a’zolarining nuqtai nazariga ko‘ra, loyihada aks etgan masalalar mazkur partiyaning dasturi va maqsadlariga mos keladi. Fraktsiya vakillari davlat tomonidan aholi daromadini izchillik bilan ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlagan holda, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, biznes tuzilmalarining ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirish, davlat va xususiy sektor o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash hamda bu borada qonunchilik bazasini takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilanganini qayd etib o‘tishdi. Shularni inobatga olib, fraktsiya qonun loyihasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, u iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.