O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
”ATOMEKSPO – 2019” an’anaviy forumida O‘zbekiston delegatsiyasi ikkinchi bor qatnashmoqda
2019-04-16 | Iqtisodiyot
Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida “ATOMEKSPO” o‘n birinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Yadro sanoatining bugungi kundagi holatini tahliliy o‘rganishga qaratilgan forum mazkur soha ravnaqi uchun muhim bo‘lgan eng yirik xalqaro ko‘rgazma va biznes maydonchasini o‘zida qamrab olgan.
O‘n uch ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazma tadbir tashkilotchilarining katta taraddud ko‘rganini ko‘rsatmoqda. Yangi va zamonaviy texnologiyalar yordamida jihozlangan har bir namoyish maydonchasi o‘ziga xos va takrorlanmasdir. Ularda atom sanoatining yetakchi kompaniyalari va tegishli tarmoqlari sohadagi so‘nggi yangiliklarini taqdim etmoqda. Shuningdek, namoyishda energetika bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalar faoliyati bilan ham tanishish mumkin.
Masalan, ko‘rgazmadan Sankt-Peterburg shahridagi ”Moderam” kompaniyasi mahsulotlari ham ishtirokchilar e’tiboriga havola etilgan. Kompaniya atom elektr stansiyalari uchun maxsus mavsumiy poyabzallar ishlab chiqaradi.
– Xalqaro forum kompaniya faoliyati uchun katta ahamiyat kasb etadi, – dedi ushbu kompaniya menejeri Maksim Mxitaryan. – Chunki aynan shunday uchrashuvlarda biz hamkorlarimizni topamiz. Bu galgi ko‘rgazmada yangi innovatsion g‘oyalarimiz bilan qatnashmoqdamiz. Hozirgi kunda oltitadan ortiq AESlar bilan hamkorlik qilyapmiz va ularning faoliyatida bizning mahsulotlarimiz qo‘l kelmoqda. Bugungi namoyishda Armaniston davlatidan kelgan vakillar bilan muzokaralar olib boryapmiz. O‘ylaymanki, mazkur ko‘rgazma biz uchun keng imkoniyatlarni yaratadi.
Aytish joizki, ko‘rgazmada nafaqat atom elektr stansiyalarini rivojlantirish, balki bu jarayonda xavfsizlik masalasi ham asosiy va muhim o‘rinni egallaydi. Rossiya Fanlar akademiyasining Atom energetikasini rivojlantirishda xavfsizlik masalalari instituti tadbirda bu borada amalga oshirayotgan loyihalarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi.
– Forum biz uchun muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega, – dedi ushbu institut vakili Aleksey Zaryanov. – Institutimiz AES qurilishida xavfsizlik masalalari bo‘yicha tadqiqotlar va baholash bo‘yicha amaliy yordam berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, AES xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, metodik ko‘rsatmalar berish, avariya holatlari va radiatsiya monitoringi tizimini ishlab chiqish hamda ilmiy manbalar yaratadi. Avariya holatlarida AES hududida yashovchi aholi va atrof-muhitga ta’siri o‘rganiladi va bunda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Ana shunday hodisalarning oldini olish maqsadida har oyda bir marotaba o‘quvlar tashkil etamiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari yadro texnologiyalarini rivojlantirish va tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasida Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalari asnosida o‘tgan yili ham forumda birinchi marta ishtirok etgan edi. Bu yil “ATOMEKSPO” forumida O‘zbekiston delegatsiyasi kengroq dastur bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini namoyish qilishga muvaffaq bo‘ldi.
“Rusatom Xelskeya”, “Rusatom – Xalqaro tarmoq” va O‘zbekiston yadro fizikasi instituti radiatsion texnologiyalar va yadroviy tibbiyot bo‘yicha memorandum imzoladilar.
Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.
Nasiba Ziyodullaeva, O‘zA