Buxoroda faoliyat yuritayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Gala River” Oʻzbekiston – Qozogʻiston qoʻshma korxonasi yildan-yilga rivojlanmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, uzumni qayta ishlaydigan mazkur korxona sexlaridagi zamonaviy asbob-uskunalar ish unumdorligini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Shu jihatdan korxona uchun 2018 yil oʻziga xos yangilanish davri boʻldi.
– Mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash doirasida kichik biznes uchun qulay investitsiyaviy muhit yaratilgani ishlab chiqarishni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda muhim omil boʻlmoqda, – deydi “Gala River” qoʻshma korxonasi rahbari Hayit Sherov. – “Asaka bank”ning Buxoro filiali orqali Osiyo taraqqiyot banki liniyasi boʻyicha olingan 1,1 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablagʻi hisobidan 2018 yil fevral oyida Italiyaning uzum shinnisi ishlab chiqarish texnologiyasi oʻrnatildi. Oradan olti oy oʻtgach, uzumni birlamchi qayta ishlash liniyasi ham texnologik yangilandi. Buning samarasida korxonaning qayta ishlash quvvati 7 ming tonnadan 12 ming tonnaga oshdi. Mehnat unumdorligi oʻsdi. Ishchi-mutaxassislarga yanada qulay mehnat sharoiti yaratildi.
Eng muhimi, mahsulot sifati keskin yaxshilandi. Energiya tejamkor texnologiyalar xarajatni kamaytirishi evaziga uning tannarxi barqarorlashdi. Bular, tabiiyki, ishlab chiqarilayotgan uzum shinnisining jahon bozorida raqobatbardoshligini taʼminlayotir. Natijada korxonaning eksport salohiyati ortmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot toʻliq eksport qilinmoqda.
Oʻtgan yili korxona qozogʻistonlik buyurtmachi sheriklarga 1 million 984 ming dollarlikdan ziyod uzum shinnisi eksport qildi. Bu oldingi yildagidan 867 ming 774 dollarga koʻpdir. Boshqacha aytganda, korxonada eksport hajmi bir yilda 70 foiz oshgan.
“Gala-River”ning 50 kishidan iborat jamoasi yanada yuqori natijalarga intilmoqda. Bunda ishchi-mutaxassislarning oʻz ishini puxta oʻzlashtirgani va pirovard mehnat natijasidan manfaatdorligi oshib borayotgani muhim ahamiyatga ega.
Mazkur korxonada sherik ishonchi hamisha qadrli, degan shiorga amal qilinadi. Shuning uchun qayta ishlovchilar qozogʻistonlik hamkorlar ishonchini qozonib kelmoqda. Jamoa joriy yilda kamida 2,3 million AQSH dollari miqdorida uzum shinnisi eksport qilishni rejalashtirgan.
Erkin Yodgorov, OʻzA