O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Suv xo‘jaligi vazirligining navbatdagi hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2019-04-15 | Jamiyat
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida 2019 yilning I choragida tizimda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yakunlari hamda II chorak uchun belgilangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda hay'at a'zolari, vazirlik markaziy apparati mas'ul xodimlari, tizimdagi respublika tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar irrigasiya tizimlari havza boshqarmalari va suv xo‘jaligi tashkilot va korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Suv xo‘jaligi vaziri, hay'at raisi Sh.Xamraev boshqargan yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tkazilib, tizimda amalga oshirilgan ishlar, boy berilgan imkoniyatlar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar va qoloqliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilishda qayd etildiki, hisobot davrida irrigasiya-melioratsiya ob'ektlarini rekonstruksiya qilish, ta'mirlash-tiklash, yirik gidrotexnik inshootlar qurish hamda suv xo‘jaligi ob'ektlarini sug‘orish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchilarni suv bilan kafolatli ta'minlash bo‘yicha Respublika hududlari kesimida suvdan foydalanish rejasi va limitlari ishlab chiqilib, hozirda suv omborlarida suv resurslari zaxirasi jamg‘arib borilmoqda.
Vazirlik tizimidagi sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari oshirilishiga erishilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur'ati 114,4 foizni tashkil etgan.
Jumladan, 239 dona turli rusumdagi nasos agregatlari hamda 1 124 346,0 ming so‘mlik ehtiyot qismlar va rotorlar, 204 dona elektrodvigatellar ishlab chiqarilgan. Hukumat kafolati ostidagi xorijiy kredit mablag‘lari hisobiga 6 ta loyiha doirasida jami 25,6 mln. AQSh dollari miqdoridagi xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini o‘zlashtirish birinchi chorak uchun belgilangan rejaga nisbatan 167 foizni tashkil etgan.
Yig‘ilishda joriy sug‘orish mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, mavjud suv resurslaridan unumli foydalanish, bunda resurstejamkor texnologiyalar, jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng joriy etish borasidagi vazifalar belgilab olindi. Vazirlik tizimida idoraviy ish yuritish, hujjatlar, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ijro monitoringini yuritish va ijro intizomiga rioya etilishini ta'minlash borasida mutasaddi rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligi va mas'uliyatini yanada kuchaytirish zarurligi ta'kidlandi.
Shuningdek yig‘ilishda, vazirlik hay'ati vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Hay'at yig‘ilishida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.