O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahar hokimligida raqamli texnologiyalarni qo‘llashning istiqbollari muhokama etildi
2019-04-15 | Texnologiyalar
“Aqlli shahar”, “xavfsiz shahar”, “aqlli tibbiyot”, “aqlli transport”. Bugungi kunda bunday tushunchalar nafaqat ko‘p ishlatilmoqda, balki, hayotimizda ham tobora ko‘p qo‘llanilmoqda.
Yaqinda poytaxtimizda “Raqamli Toshkent” loyihasi bo‘yicha ish olib borilishi mo‘ljallangan. Uning maqsadi turli sohalarda axborot-kommunikasiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanishni ta'minlashdir.
Toshkent shahar hokimligida tegishli soha mutaxassislari ishtirokida mazkur dasturiy ta'minot taqdimoti va muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda shahar infratuzilmasiga daxldor barcha sohalar xususan, moliya-iqtisodiyot, tibbiyot, ta'lim, uy-joy xo‘jaligi, turizm va transport tizimida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash zarurati, yo‘nalishi va istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bu boradagi sinov loyihalari oilaviy poliklinikalarda qo‘llanilayotgani, kommunal xizmat ko‘rsatish va transport tizimida ham bir necha dasturiy ta'minot mahsulotlari joriy etilishi ko‘zda tutilayotgani ma'lum qilindi.
“Raqamli Toshkent” esa barcha sohalar uchun yangi loyihalar va dasturiy ta'minot manbalarini taqdim etadi. Uning hayotga joriy etilishi esa shubhasiz poytaxtimizni ham yuksak texnika va texnologiyalar asosida rivojlanayotgan innovasion shaharlar safiga qo‘shadi.