Bu haqida bugun poytaxtimizda ochilgan “Tashkent Travel Mart” “V2V” formatidagi ko‘rgazmada ma’lum qilindi.
– Toshkent - Jakarta yo‘nalishi joriy yilning 1 mayidan, Toshkent – Tblisi -Toshkent esa iyul oyidan parvozni amalga oshiradi. Nega, aynan bu davlatlar tanlandi? Biz hamma davlatlarning taklifi asosida, ya’ni ularning sayyohlik bozorimizga bo‘lgan talabini inobatga olib, o‘zimizning rejalarimizni amalga oshiramiz. Gruziya aholisining O‘zbekistonga qiziqishi, sayyohlar oqimining yuqoriligi Tblisi avia qatnovini ochilishiga to‘rtki bo‘ldi. Shuningdek, biz uchun strategik ahamiyatga ega davlatlar ham bor. Bunda bir davlatdan ikkinchisiga uchish besh soatdan oshmasligi hisobga olinadi.
O‘tkazilayotgan mazkur tadbirda Gresiya, Shveysariya, Ispaniya, Italiya, Rossiya kabi davlat vakillari qatorida gruziyalik ishtirokchilarni ham uchratdik. Albatta, ularning O‘zbekiston va yangi avia qatnov yo‘nalishi haqidagi fikrlari bilan qiziqdik, – deydi O‘zbekiston turizmni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Gaziev.
– Toshkent – yashil olami, chiroyli binolari va samimiy insonlari bilan menga juda ham yoqdi, – deydi Gruziyadagi “World Express” sayyohlik kompaniyasi direktori Kaxaber Chakvetadzu. – Gruziyada ko‘pchilik Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi shaharlar haqida biladi. Eng kamida sizlarning ulug‘vor tog‘laringiz haqida ma’lumotga ega. Agarda yaxshi, arzon va qulay tur aksiyalar tashkil etilsa, xalqimiz kelgan bo‘lardi. Yangi avia qatnov bu boradagi ilk qadamlar. Kelgusida yurtingizdan Gruziyaga, u yoqdan esa O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish borasida hamkorlik qilamiz.
“Tashkent Travel Mart” “V2V” formatidagi ko‘rgazma davom etmoqda.
Sayyora Shoeva, O‘zA