Turizm sohasida hamkorlik: Indoneziyadan keladigan sayyohlar soni 181 foizga ortgan
Toshkentda 15 aprel kuni Workshop turistik tadbiri o‘z ishini boshladi.
«Orient Secrets» mas’uliyati cheklangan jamiyati, bir qator xorijiy turfirma va mehmonxonalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Rossiya, Indoneziya, Turkiya, Tailand, Barlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi, Sharja kabi yirik shaharlari turizm sohasi vakillari ishtirok etmoqda.
So‘nggi yillarda Sharq mamlakatlarida madaniy va tarixiy turizm barobarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlari soni tobora ortib bormoqda. Bu mamlakatning turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasi sifat jihatdan yangilanib bormoqda. Xususan, mehmonxonalar soni sezilarli ravishda ko‘paymoqda.
Birgina misol. 2017-2018 yillarda davomida 100ga yaqin mehmonxona qurilgan bo‘lsa, bu yil ularning sonini 170taga yetkazish rejalashtirilgan. Mamlakatimizda Mehmonxona xizmatlari uyushmasining tashkil etilgani bu boradagi xizmatlarni yanada kengaytirish imkonini beradi.
Tadbirda mamlakatimizning sayyohlik imidjini oshirish, turizmda yangi yo‘nalishlar ochish hisobiga sohani diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. «Orient Secrets» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mamlakatimizga keladigan xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha taqdimotlar tashkil etildi. BAA bilan ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli sheriklik yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
– Klinikamiz bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘nalishida faoliyat olib boradi, – deydi Chirchiq bolalar sog‘lomlashtirish sport kompleksi markazi direktori Asolat Yuldosheva. – O‘tgan yili bolalar nafas yo‘llari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan “Oqtosh nur” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldik. Ilk mavsumdayoq o‘ttiz nafarga yaqin bolani qabul qildik. Tadbir doirasida xorijiy turfirma vakillari faoliyatimizga katta qiziqish bildirdi.
Joriy yilning birinchi choragida yurtimizga 1,4 millionga yaqin sayyoh kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 972 ming 300 kishiga ko‘pdir. Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibor tufayli birgina Indoneziyadan keladigan sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 181 foiz, Malayziyadan kelganlar soni esa 168 foizga oshgan.
Tadbir yakunida hamkorlikni kengaytirishga doir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Sayyora Shoeva, O‘zA