O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mahalla idorasi maktabga tegishli binodan foydalanib kelmoqda
2019-04-15 | Ta’lim
kun.uz saytida “Baxmaldagi maktab oʻquvchilari MFYdan ijaraga olingan xonalarda oʻqimoqda” nomli maqola eʼlon qilindi. Xalq taʼlimi vazirligi mazkur maqola boʻyicha quyidagicha izoh bildiradi:
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 29-umumiy oʻrta taʼlim maktabi 2 ta oʻquv binosidan iborat: 1-oʻquv binosi loyiha asosida 2007 yilda qurilgan boʻlib, binoda 6 ta oʻquv sinfxonasi, 1 ta kimyo-biologiya laboratoriyasi va 1 ta informatika xonasi mavjud.
Maqolada mahalla fuqarolar yigʻinidan vaqtincha olingan deb keltirilgan xonalar aslida maktab balansidagi ikkinchi bino boʻlib, mahalla idorasi maktabga tegishli binodan foydalanib kelmoqda. Bino 2 ta sinfxona va bitta yordamchi xonaga ega. Maktablar 11 yillik taʼlimga oʻtgach, noqulayliklarning oldini olish uchun tuman xalq taʼlimi boʻlimi va maktab rahbariyatidan mazkur oʻquv binosini boʻshatish toʻgʻrisida murojaatlar boʻlganligiga qaramay, mahalla idorasi haligacha chiqib ketmagan.
Tuman xalq taʼlimi boʻlimi shu paytgacha amal qilib kelgan VMning 740-sonli qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturini shakllantirish tartibiga koʻra, taklifni bergan. Ammo dasturga kiritilmagan.
Maktabning yaroqsiz holatga kelgan sport zali 2020-2024 yillarga moʻljallangan umumtaʼlim maktablarining sport inshootlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha manzilli dastur doirasiga kiritilgan.
Vazirlik kun.uz tahririyatiga xalq taʼlimi tizimidagi muammolar va ularning yechimini topishda xolis yondashuv va shaffoflik tamoyillari uchun minnatdorchilik bildiradi va kelgusidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydi.