O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Bolalar Germaniyada davolanadi

2019-04-15 | Sog‘liqni saqlash

Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida tugʻma, kuyishdan keyingi va boshqa nuqsonlari boʻlgan bolalar germaniyalik mutaxassislar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya jamgʻarmasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyati bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan kelgan bemor bolalar qatnashdi. Ularni germaniyalik mutaxassislar — “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti direktori oʻrinbosari Kevin Dalbrux, tashkilotning ijtimoiy loyihalar boʻyicha xodimi Rebekka Vensel koʻrikdan oʻtkazdi.
 
– Qizim 45 foiz kuyish tan jarohati olib, yuzi, qoʻli va oyoqlarida nuqson paydo boʻldi, – deydi jizzaxlik Nargiza Rustamova. – 2016 yilda mazkur loyiha asosida germaniyalik mutaxassislar tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, qizimni Germaniyaga olib ketishgandi. Olti oy davomida oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlari va reabilitatsiya jarayonidan keyin qizimning harakatiga xalaqit beruvchi nuqsonlari bartaraf etildi. Ayni paytda u 15 yoshda. Oʻsish jarayonida baʼzi oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Shu bois, bugun mutaxassislardan maslahat olish maqsadida kelgandim. Ular qizimning holati yaxshi ekanligini, bundan keyingi davolash ishlarini yurtimizda amalga oshirish uchun yetarli sharoit borligini aytishib, tegishli koʻrsatmalar berdi.
 
Xorazmlik 6 yoshli B.Allaberganovda tugʻma qovuq ekstrofiyasi qayd etilgan. Bu siydik yoʻllarining ochiq holati boʻlib, murakkab jarrohlik amaliyotini talab etadi. Mutaxassislar uni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, Germaniyada davolanuvchi bolalar roʻyxatiga kiritishdi.
 
– Oʻtgan yili ham germaniyalik mutaxassislarga murojaat qilgandik, – deydi Qunduz Ortiqova. – Ammo, baʼzi hujjatlarni tayyorlashda tushunmovchilikka yoʻl qoʻyib, oʻgʻlim Germaniyaga borolmagandi. Tashkilotchilarga rahmat, shunday boʻlsa-da ikkinchi bor yana imkoniyat berishdi. Endi zarur hujjatlarni oʻz vaqtida tayyorlab, oʻgʻlimning kerakli muolajalarni oʻz vaqtida olishiga harakat qilaman.
 
– Oʻzbekiston bilan bir necha yillik hamkorligimiz davomida shu paytgacha 535 nafar bemor bolalar Germaniyadagi klinikalarda davolanib, salomatligini tikladi, – deydi “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti direktori oʻrinbosari Kevin Dalbrux. – Birgina oʻtgan yil 34 nafar turi xil tugʻma nuqsonlari va xastaligi boʻlgan bolalarga zarur tibbiy yordam koʻrsatdik. Lekin koʻrik davomida juda koʻp bemor bolalarni koʻryapmiz, ularga zarur maslahat va tavsiyalarimizni aytayapmiz. Faqatgina eng murakkab davo muolajalari talab etiladigan bolalarni Germaniyaga olib borish uchun tanlab olyapmiz.
 
Tibbiy koʻrikka kelgan bemorlarning eng ogʻir holatdagilari joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun joʻnatilishi maʼlum qilindi. Aksariyat bemor bolalardagi nuqsonlarni yurtimizda davolash mumkinligi taʼkidlandi. Tibbiy koʻrikka kelgan ana shunday bolalar Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan koʻrikdan oʻtkazildi. Ularga zarur muolajalar tavsiya qilindi. Jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish borasida ham tegishli koʻrsatmalar berildi.
 

Gʻ.Hasanov, OʻzA

Поделиться