Аgrobank: “BankExpo - 2019”da ham zamonaviy xizmatlar, ham qiziqarli tanlovlarni taqdim etmoqda
Аyni vaqtda poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” milliy ko’rgazmalar majmuasida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari “BankExpo - 2019” milliy ko’rgazmasi bo’lib o’tmoqda.
Ko’rgazma doirasida “Аgrobank” stendi joylashgan maydon eng gavjum ekanligi uzoqdan ko’rinib turibdi. Buning sababi bor albatta. Vaholanki, bank vakillari ko’rgazma ishtirokchilari uchun taassurotlarga boy turli o’yinlar hamda tanlovlar o’tkazmoqda. Qiziqarli savollarga tezkor javob topgan mijozlar va ishtirokchilar esa g’olib sifatida taqdirlanmoqda. Bunday quvnoq va sovg’alarga boy maydoncha atrofdagilarning diqqatini tortmoqda.
Qayd etish joizki, mazkur ko’rgazmada boshqa banklar qatori “Аgrobank” ham mijozlariga qulaylik yaratish maqsadida innovatsion texnologiyalar, asbob-uskunalar ya'ni masofadan turib onlayn tarzda amalga oshirishni o’zida jamlagan qurilma, mobilь ilovalari bilan faol ishtirok etmoqda.
Bir tarafda bank mutaxassislari ko’rgazmaga kelgan mijozlar, xususan, o’z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo’lgan yoshlarga bank xizmatlari bo’yicha zarur ma'lumot va maslahatlar berayotgan bo’lsa, boshqa tarafda kichik biznes va tadbirkorlik sub'ektlariga yangi xizmatlar tushuntirilmoqda.
Bu jarayonda ko’pchilik “Agrobankmobile” ilovasining yangicha turdagi zamonaviy ko’rinishi hamda “online kredit” bo’limidagi mikroqarz olish imkoniyati bilan qiziqmoqda. Ta'kidlash joizki, o’tgan davr mobaynida “Agrobankmobile” ilovasi orqali milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish, ilovadagi “Omonatlar” bo’limida onlayn depozit hisobvarag’i ochib, unga zarur mablag’ni o’tkazish yo’lga qo’yildi.
Shuningdek, yuridik shaxslar va fermer xo’jaliklari “Agrobank-Mobil-Biznes” ilovasi orqali onlayn tarzda masofadan turib imtiyozli kreditlarni o’zlashtirish va zarur ma'lumotlarni olishlari mumkin. Bunda fermerlarning vaqti va ortiqcha sarf-xarajatlari keskin qisqaryapti.
Аyni vaqtda aholi va mijozlarga yanada qulaylik yaratish va xizmatlar sifatini oshirish maqsadida bank yurtimiz bo’ylab, keng tarmoq yozmoqda. Xususan, 400 ta bankomat, 420 infokioska va 248 mini-bank aholiga turli xizmatlar ko’rsatmoqda. Ushbu bankomat, infokioska va mini-banklar orqali mijozlar uchun kreditlarni rasmiylashtirish, xalqaro pul o’tkazmalari, valyuta ayirboshlash, naqd pul olish, kommunal to’lovlarni qabul qilish, plastik kartalar bilan amaliyotlar kabi bankning boshqa yangi xizmat turlarini amalga oshirish yo’lga qo’yilgan.