Yaqinda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi (MAGATE) AQShning Texas shtatida atom energetika sohasi rahbarlari uchun xalqaro seminar o‘tkazdi.
“O‘zatom” agentligi matbuot xizmatining bu haqidagi xabarida aytilishicha, seminarda MAGATE va Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti taklifiga asosan O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashgan.
Xalqaro tadbirda MAGATE, Atom elektr stansiyalaridan foydalanuvchi tashkilotlar xalqaro uyushmasi (WANO), Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi, “Westinghouse” kompaniyasi (AQSh) hamda atom energetikasi sohasidagi AQShning boshqa bir qator tadqiqot markazlari, yirik kompaniyalari va xalqaro konsultantlari ma’ruza qilgan.
Shuningdek, seminar doirasidagi taqdimotlarda butunjahon yadro eneregetikasi tashkilotlari faoliyatining rivojlanish tendensiyalari, yadroviy xavfsizlik madaniyati, sohaga oid bilimlarning samarali boshqariluvi, atom energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish jarayonida loyihaga mas’ul rahbarning roli va mas’uliyati, favqulodda holatlar chog‘ida samarali ichki muloqotni ta’minlash, kadrlar tayyorlash, atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasida boshqaruv jarayonlari kabi masalalar tahliliga asosiy e’tibor qaratilgan.
Ishtirokchilar Janubiy Texas hududida joylashgan atom elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti va Aydaxo milliy laboratoriyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Unda AQShning ta’lim markazlaridagi atom energetikasi yo‘nalishida o‘zbekistonlik mutaxassislarning ta’lim olishi, malaka oshirishini tashkil etish masalalari yuzasidan fikrlar almashilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentligi vakillari bilan Toshkentda o‘quv-amaliy seminarlarni tashkil etish bo‘yicha ham muzokaralar olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, A&M universiteti Texas shtatining Kolledj-Steyshen shahrida joylashgan. Bu universitetda neft va gaz, atom energetikasi, okeanologiya, kosmonavtika, landshaftshunoslik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitet AQShdagi ikkita tadqiqot reaktoriga ega yagona ta’lim muassasa sanalib, 65 ming talabasi bilan AQShning yetakchi oliygohlari orasida yettinchi o‘rinni egallaydi.
Nasiba Ziyodullaeva, O‘zA