O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri ommaviy sayyor qabullar o‘tkazmoqda
2019-04-12 | Jamiyat
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi to‘plagan ma'lumotlarga ko‘ra, 2019-yilning birinchi choragida bandlik va mehnat qilish bo‘yicha respublika miqyosida aholidan 56370 ta murojaat va arizalar kelib tushgan. Mehnat va bandlikka daxldor shikoyat va murojaatlarning uchdan bir qismi Prezident portali va Xalk qabulxonalari orqali yuborilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar Vazirlikning onlayn vebsayti, shaxsiy qabul, yozma va ommaviy sayyor qabullar orqali kelib tushgan.
Birgina Buxoro viloyatida joriy yilning birinchi choragida ishsiz aholidan ish izlab jo‘natilgan arizalar soni 2723 ga yetgan.
Aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf qilish yuzasidan aniq va tezkor choralarni ko‘rish maqsadida ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev hamda viloyat hokimligi boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatining barcha tumanlar aholisi bilan ommaviy sayyor qabul o‘tkazmoqda.
Qabullar davomida takror murojaat qilayotgan fuqarolar muammolarini hal etishga alohida e'tibor qaratish, qabullarning natijadorligiga erishish, fuqarolarning roziligini ta'minlash, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, murojaatlarni xolis va tezkor ko‘rib chiqish asosiy vazifalardan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri bilan bo‘lib o‘tgan yuzma-yuz muloqotlarning o‘zida 450 ka yaqin fuqarolar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, ularning muammolarini joyida hal etishga erishildi.
Buxoro viloyatining barcha tumanlaridan kelgan fuqarolarning murojaatlari Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan o‘sha paytning o‘zida o‘rganilib, 250 nafar kishi jamoat ishlariga jalb qilindi, vaqtinchalik ish bilan ta'minlandi, 100 ga yaqin fuqaro sohasi bo‘yicha doimiy ishga joylashtirildi, 25 dan ortiq yoshlar kasb-hunarga o‘qitishga, 40 qa yaqin fuqaro esa tadbirkorlik faoliyatiga yunaltirilib, barcha xarajatlar Bandlik jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tahliliga ko‘ra, shikoyatlarning asosiy sabablari quyidagi muammolar bilan bog‘liq:
- ishlab chiqarish sohasidagi korxona va muassasalarning kamligi bois, ish o‘rinlarining yetishmasligi;
- aholi orasidagi ayrim qatlamlarning bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida, jamoat ishlarida mehnat qilib haq olish mumkinligi haqida ma'lumotga ega emasligi;
- mahalliy hokimiyat va idoralar, muassasa va korxona rahbarlarining aholi bandligi bilan bog‘liq muammolarga yetarlicha ahamiyat bermasligi;
- aholining ba'zi qatlamlarida kasb o‘rganishga, mehnat huquqlaridan xabardor bo‘lishga hafsala yo‘qligidir.
“Asosiy maqsadimiz – murojaat etayotgan insonlarni rozi qilishdir, – deya ta'kidlaydi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev. – Aholining shikoyat va arizalar bilan murojaat qilishi davlat boshqaruvi organlariga nisbatan ishonch ortib borayotganidan dalolat. Qolaversa, aholi murojaatlari Vazirlik tomonidan bandlik tizimida hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolarni yaqqol ko‘rsatib berdi. Bu esa xalq bilan yanada yaqinrok bo‘lishga va mavjud muammolarni kechiktirmay bartaraf etishga undaydi. Umid qilamizki, yaqin 3-4 yil ichida shikoyatlarning anchayin kamayishiga erishamiz».
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan sayyor qabullar mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham davom etadi.