Toshkentda 11-aprel kuni O‘zbekiston – Finlyandiya ishbilarmonlari biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Finlyandiya Respublikasi Davlat kotibining tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari M.Keynenen boshchiligidagi biznes delegatsiyasi, mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari ishtirok etgan tadbirda ko‘plab sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish, hamkorlik sohalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Finlyandiya ekologik xavfsiz, xususan, axborot texnologiyalari, innovatsiya, ta'lim, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, suv resurslarini boshqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda mazkur mamlakat elektr texnikasi, mashinasozlik, transport uskunalari, metall, yog‘och va qog‘oz mahsulotlari eskporti bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega.
Forumda Finlyandiyaning ayni sohalar bo‘yicha 15 ta yetakchi kompaniyasi – “Nokia Solutions Networks”, “Probori Oy”, “Sensorex Oy” “Tikkurila LLP” vakillarining ishtirok etgani Finlyandiya ishbilarmon doira vakillarining mamlakatimizda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligi, bundan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani, buning uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda qulay investitsiyaviy muhit yaratilganini ta'kidladi.
Bundan 70-80 yil oldin Finlyandiya iqtisodiyoti agrar sohaga ixtisoslashgan edi. Ta'limga berilgan kuchli e'tibor, sohalarga innovatsiyalarni keng joriy qilish orqali bugungi kunda ushbu mamlakat Yevropa Ittifoqidagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti tez sur'atlarda rivojlanmoqda, – dedi M.Keynenen. – Bu jarayonda Finlyandiya kompaniyalari axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, energiya samaradorligi kabi yo‘nalishlarda o‘z xizmatlari, hamkorlik loyihalari bilan ishtirok etish istagida.
Forum yakunida ta'lim yo‘nalishida hamkorlik, qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, shu kuni Finlyandiya delegatsiyasi Toshkentda Finlyandiya Respublikasining Faxriy konsulxonasi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda Finlyandiyaning Faxriy konsulxonasi ochilishi ikki mamlakat munosabatlari tarixida muhim voqyeadir, – dedi konsulxona faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev. – Endilikda davlatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, biznes aloqalarini rivojlantirish uchun o‘ziga xos platforma bor.
Konsullik faoliyati orqali mamlakatimizda Finlyandiya ishbilarmon doiralariga biznes imkoniyatlardan foydalanish sharoiti yaratiladi. Bu Finlyandiya kompaniyalarini qo‘shma investitsiyaviy loyihalarga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega.
Malohat Husanova, O‘zA