O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vaziri Kogonda sayyor qabul o‘tkazdi: adolatga ishonch tobora ortmoqda
2019-04-11 | Jamiyat
2019 yilning 9 aprel kuni Buxoro viloyatining Kogon shahrida adliya vaziri Ruslanbek Davletovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Fukarolar bilan o‘zaro muloqot qilishning bunday shakli ularning so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berish va odamlarni kiynayotgan muammolarni hal etish imkonini beradi.
Shu kuni 2-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi binosidagi sayyor qabulda viloyatning turli tuman va shaharlaridan ikki yuzdan ziyod fuqaro qatnashdi. Ular o‘zlarini tashvishga solayotgan uy-joy, pensiya, meros bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish, shuningdek yer uchastkalari ajratish va biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi masalalar bo‘yicha mavjud savollariga javob topish ilinjida bu yerda jam bo‘lishdi. Aksar murojaatlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joy binolariga egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasi doirasida uzboshimchalik bilan kurilgan imoratlarni konuniylashtirish bilan boglik.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 maygacha yurtimizda jismoniy shaxslarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida yoki kurilish uchun ruxsat olinmagan holda qurilgan turar-joy binolariga egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasi o‘tkazilmokda.
Qabul davomida yuzdan ortiq murojaat kelib tushdi. Viloyat aholisi tomonidan ko‘tarilgan muammolarning aksariyati joyida hal etildi, huquqiy maslahatlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar nazoratga olindi.
Sayyor qabul ishtirokchilari ko‘p hollarda odamlar dardiga quloq tutadigan vazirlik va idoralar rahbarlari bilan o‘tkaziladigan bunday uchrashuvlar fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga ishonchini oshirayotganini ta’kidladi. Buxoro tumanilik Nafisa Ubaydullayeva ham shu fikrda.
- Bolalar bog‘chasida ishlayman, — deydi N. Ubaydullayeva. — Rahbariyat mening roziligimsiz va ma’lum bir ob'yektiv sabablarsiz meni 0,5 stavkali ishdan 0,25 stavkaga o‘tkazdi. Vazir qabulida ushbu muammoyimni qonuniy jihatdan hal etib berishda yordam so‘radim. Mening masalam shu kuniyoq hal etildi.
Mehnat faxriysi Gulnora Rahimova ham shu kuni uyiga xursand kayfiyatda qaytdi. Opa ko‘p yillar mobaynida Qo‘qon tuman tibbiyot birlashmasida rentgenografiya bo‘limida mehnat qilgan. Biroq, uning nafaqaga chiqish paytida noma’lum sabablarsiz 11 yilik mehnat staji hisobga olinadi.
G. Rahimova bir necha bor pensiya bo‘limiga murojaat qiladi, biroq barcha sa’y-harakatlar samarasiz ketadi. Mehnat faxriysi qariyb bir yil davomida turli idoralarga murojaat qiladi. Qabul chog‘ida Vazir adliya bo‘limiga mazkur masalani qisqa muddatda ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Sayyor qabul chog‘ida nogironligi bo‘lgan bir necha nafar fuqarolar amaliy yordam oldilar. Masalan, Vobkent tumanining “Beshrabot” mahalla fuqarosi Ruxsat Jumayeva bir yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan turmush o‘rtog‘i Samad Shomurodov uchun nogironlar aravachasini olishda yordam so‘rab murojaat qildi. Shu kuni fuqaro Samad Shomurodovga nogironlik aravachasi topshirildi. Shuningdek, 2-guruh nogironligi bo‘lgan yana ikki nafar fuqaro ham texnik vositalar - qo‘ltiqtayoq va eshitish apparatlari bilan ta’minlandilar.
Murojaatlar juda ko‘p. Har bir murojaat ortida inson, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari, taqdiri yotadi. Buni esa, Adliya vazirligida yaxshi tushunishadi. Davlat organlarining xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti, aholining muhim muammolarini o‘z vaqtida hal etish insonlarning ertangi kunga, mamlakatdagi o‘zgarishlarga o‘z daxldorlik tuyg‘ularini ishonchini oshiradi.