Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san'atini o’rganish assotsiatsiyasi rahbari Federik Bressand xonim o’z yurtida ham, bizning diyorimizda ham doim o’zbekona milliy libosda, zargarlarimiz kumushdan ishlagan nafis taqinchoqlarda yuradi.
Bu Federik xonimning O’zbekistonga, uning boy tarixiga, ayniqsa, Sohibqiron Аmir Temur va temuriylarga, madaniyatimiz va san'atimizga bo’lgan cheksiz ehtiromining yorqin ifodasidir.
Poytaxtimizda o’tkazilgan "Аmir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat" mavzusidagi xalqaro anjumanga ham Bressand xonim maftunkor o’zbekcha liboslarda kelgani e'tiborga molikdir.
Mazkur konferentsiya O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Frantsiyadagi elchixonasi tomonidan Fanlar akademiyasi, Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Madaniyat vazirligi va boshqa hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.Fayziev, Xalqaro Аmir Temur jamg’armasi raisi N.Habibullaev, O’zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.Mirzaev, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori А.Saidov va boshqalar Аmir Temur va temuriylar davri O’zbekiston tarixi sahifalarida eng shukuhli va qudratli davr ekanini ta'kidladi. Bu davr madaniyati insoniyat tamaddunining eng yorqin sahifalaridan biriga aylangani, shubhasiz. Ilm-fan, me'morchilik, tasviriy va amaliy san'at, adabiyot, musiqa yuksak darajada taraqqiy etib, o’z navbatida, "Temuriylar Renessansi" sifatida shuhrat qozonishga sabab bo’ldi.
Sohibqiron Аmir Temur va temuriylar davriga oid manbalar Yevropa xalqlarining ko’plab tillarida nashr etilmoqda. Bu borada frantsuz olimlari, shubhasiz, jahonda yetakchi o’rinda ekani ahamiyatga molikdir. Temuriylar tarixiga oid tadqiqotlar ushbu mamlakat sharqshunoslarining ilmiy izlanishlarida muhim va birlamchi o’rin egallaydi. Ushbu mamlakatda "Zafarnoma", "Matla' us-sa'dayn va majma' ul-bahrayn", "Boburnoma" va temuriylar davriga oid boshqa asarlarning frantsuz tilida nashr etilishi buyuk ajdodlarimizga bo’lgan e'tiborning amaliy ifodasidir.
Temuriylar tarixi va san'atini o’rganish assotsiatsiyasi 1988 yilda Frantsiyada atoqli olim Lyusьen Karen tomonidan tashkil etilgan. O’tgan 30 yillik faoliyati davomida assotsiatsiya temuriylar tarixi, merosini tadqiq etish, uning ahamiyati va mohiyatini targ’ib etishga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Ushbu tashkilot tomonidan har yili konferentsiyalar o’tkaziladi. Monografiya, maqolalar, jurnal muntazam chop etiladi. Аssotsiatsiya ko’p yillardan buyon O’zbekiston Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, muzeylar, markazlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. Uning faoliyati natijasida Parijda dunyoda yagona bo’lgan "La Temurids" ("Temuriylar") jurnali chop etilmoqda. Temuriylarga oid tarix va madaniyatni o’rganishda frantsuz tadqiqotchilarining tizimli ish olib borishi, mavzuga xolis va ilmiy yondashuvi kabi izlanishlar bugungi kunda ham izchil davom etmoqda.
– Prezident Shavkat Mirziyoevning o’tgan yili Fransiyaga tashrifi davomida menga "Samarqand shahrining faxriy fuqarosi" degan sharafli unvon berilganidan g’oyat minnatdorman, – deydi Frantsiyadagi Temuriylar tarixi va san'atini o’rganish assotsiatsiyasi prezidenti F.Bressand. – Sohibqiron Аmir Temur va temuriylar davri qanchadan-qancha yirik va ko’plab tadqiqotlarga arziydi. Bu bevosita Temur hazratlarining shaxsiyati, faoliyati, uning jahon tsivilizatsiyasida tutgan o’rni bilan bog’liqdir. Bu borada o’zbek olimlari bilan hamkorlikda bir qator izlanishlar olib bormoqdamiz. Аssotsiatsiya tarkibidagi olimlarning yurtingizga tashrifi doirasida ko’plab uchrashuvlar, anjumanlar, muloqotlar, spektaklь namoyishlari o’tkaziladi. Biz O’zbekistondek muqaddas diyorga kelganimizdan g’oyat baxtiyormiz.
– Garchi tarixchi bo’lmasam-da Mirzo Ulug’bek, yana ham aniqrog’i, Muhammad Tarag’ay ibn Shohrux ibn Temur Ulug’bek Ko’ragonning ilmiy merosi bo’yicha kitob yozishga muvaffaq bo’ldim, – deydi astronom olim Jan Pьer Lyumenet. – Bunda Ulug’bekning tarix, san'at, adabiyot, xattotlik, astronomiya, matematika fanlarining bilimdoni bo’lganiga asosiy e'tiborni qaratishga intildim. Ulug’bek tadqiqotlaridagi g’oyat puxta, aniq ma'lumotlar hanuz kishini hayratga soladi. Uning merosi ko’plab izlanishlar uchun zamin bo’lib xizmat qilmoqda. Merosi butun dunyoda o’rganilmoqda.
– Temur va temuriylar davriga oid asarlar, manba va ma'lumotlar bitmas-tuganmas xazinaga o’xshaydi, – deydi assotsiatsiya kotibi Lorentso Dulage. – O’zbekistonda milliy merosni o’rganishga davlat miqyosida e'tibor qaratilayotgani tahsinga loyiq. Biz o’z faoliyatimiz davomida Аmir Temur va temuriylar davriga oid tadqiqotlarni yanada ko’proq olib borish, bu yo’nalishda hamkorlikdagi loyihalarni hayotga joriy etishga astoydil harakat qilamiz.
Shu kuni frantsiyalik mehmonlar Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi ekspozitsiya hamda bu yerdagi "Temuriylar davri rassomlar nigohida" nomli badiiy ko’rgazma bilan tanishdi.
Nazokat Usmonova, O’zА