O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloq xo’jaligi birlashmalari tuzilmoqda

2019-04-10 | Iqtisodiyot

So’nggi yillarda mamlakatimizda meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ekin maydonlari sezilarli ravishda kengaytirilib, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo’yicha qo’shimcha quvvatlar ishga tushirildi.

Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish, zamonaviy intensiv, avvalo, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Endi asosiy vazifa yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ko’paytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga chiqarishdir. 

Prezidentimizning 2019 yil 14 martdagi “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo’jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bilan mamlakatimizda mustaqil va o’zaro bog’liq qishloq xo’jaligi korxonalari, fermer, dehqon xo’jaliklari hamda tomorqa yer egalarining kooperatsion birlashishi instituti joriy etilishi bu boradagi islohotlarning yorqin misolidir. 

Mazkur hujjatga muvofiq, Qishloq xo’jaligi vazirligi va boshqa davlat idoralari tomonidan ishlab chiqilgan mexanizmga binoan boshlang’ich loyihalar sifatida Jizzax viloyatining G’allaorol va Zomin, Samarqand viloyatining Bulung’ur va Urgut, Farg’ona viloyatining Oltiariq va Quva, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida qishloq xo’jaligi birlashmalari tashkil etiladi. 

Tajriba-sinov bosqichi 2019-2020 yillarga mo’ljallangan bo’lib, uning yakunlariga binoan qishloq xo’jaligi birlashmalarining kooperatsion birlashuvi institutini respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish rejalashtirilgan. 

Toshkent viloyati Parkent tumanida hududdagi 1 ming 350 fermer-dehqon xo’jaligi, qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida muloqotlar o’tkazildi. Unda qishloq xo’jaligi birlashmalari tashkil etishni istagan fermer va dehqon xo’jaliklari, tomorqa yer egalari, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksporterlar ro’yxati shakllantirildi. 

– Tumanimizdagi Navbaxor, Boshqizilsoy, Gulbog’, Hisorak, Nomdanak, So’qoq va Zarkent kabi massivlardagi fermer xo’jaliklari alohida qishloq xo’jaligi birlashmalariga a'zo bo’lishga va keyingi faoliyatini birgalikda davom ettirishga kelishib oldi, – deydi Parkent tumani hokimligi qishloq xo’jaligi bo’limi boshlig’i Аziz Mirtursunov. – Qishloq ho’jaligi kooperatsiyasi tashkil etish bo’yicha tanlangan tashabbuskorlarga tizim faoliyati haqida, uning davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanishi, beriladigan imtiyoz va qulayliklar bo’yicha to’liq tushunchalar berildi. Kooperatsiyaga ixtiyoriy a'zo bo’lish istagini bildirgan fermer va dehqon ho’jaliklari, boshqa sub'ektlar guruhlari shakllantirilib, namunaviy nizomi ishlab chiqildi. 

2019 yil 1 martdan boshlab ixtisoslashgan qishloq xo’jaligi birlashmalari a'zolari qishloq xo’jalik ekinlarini joylashtirish va ularni keyinchalik almashtirish to’g’risidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilish huquqiga ega bo’ladi. Bundan tashqari, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash davlat jamg’armasi tomonidan ko’chat va sertifikatlangan urug’lar, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun tijorat banklarining kreditlari bo’yicha foiz xarajatlari qisman qoplanadi. 

Ushbu mexanizm meva-sabzavotchilik sohasida qo’shimcha qiymat zanjirini yaratish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Niderlandiya, Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya va Yaponiya kabi bir qator rivojlangan davlatlarda ushbu tizim qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni to’liq birlashtirgan. Frantsiya va Germaniyada 86 foiz, Xitoyda 2 millionga yaqin birlashma ro’yxatga olingan va fermerlarning 47 foizi ushbu birlashmalarga a'zo bo’lgan. Qozog’istonda 2,8 mingta va Qirg’izistonda 442 ta qishloq xo’jaligi birlashmasi mavjud. 

Hozirgi kunda Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanida “Аgro frukt marketing”, “Chinortagi Saxovati”, “Nurt Frut” va “Frut Oltiariq” qishloq xo’jaligi birlashmalari tashkil etildi. Ular o’zlariga tegishli yer maydonlariga eksportbop mahsulotlar ekish va eksportyorlar bilan birgalikda yetishtiriladigan qishloq xo’jaligi maxsulotlarini eksport qilish uchun xorijiy xamkorlar bilan shartnomalar tuzish ishlarini boshlab yuborgan. 
 
Jumladan, hududda yangi tashkil qilinayotgan “Аgro frukt marketing” qishloq xo’jaligi birlashmasi ham 90 gektar yer maydoniga ega 1 ta fermer xo’jaligi, 30 gektarlik 2 ta bog’dorchilikka ixtisoslashgan mas'uliyati cheklangan jamiyati, sig’imi 500 tonnalik omborxonani o’z tarkibiga qo’shib oldi. 

– Endilikda kooperativ birlashmalar bozor ehtiyojiga qarab sifatli meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiradi, – deydi “Аgro frukt marketing” qishloq xo’jaligi birlashmasi rahbari Buzruk G’oziev. – Аyni paytda birlashmamizda 15 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Hamkorlarimiz bilan birgalikda oxirgi tashkiliy ishlarni bajarmoqdamiz. Аsosan ko’p hosil beradigan kartoshka, sabzi, turli dukkakli ekinlarni parvarishlaymiz. Joriy yilda yetishtiradigan meva-sabzavotlarimizning dastlabki hosilini Rossiyaga eksport qilishni rejalashtirdik. 
 

Аbdulaziz Musaev, O’zА

Поделиться