O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston delegatsiyasi taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Germaniyaga tashrif buyurdi
2019-04-10 | Ta’lim
Joriy yilning 31 mart - 6 aprel kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Germaniyaga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibi Oʻzbekiston Respublikasining Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Kasb-hunar taʼlimi markazi, Kasb-hunar taʼlimi tizimidagi oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, OʻzDJTU qoshidagi xorijiy tillarni oʻqitishning innovatsion usullarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi, Davlat test markazi mutaxassislaridan tashkil topdi.
Tashrif doirasida yurtimiz vakillari Berlin va Brandenburg shaharlarida Germaniya Federativ Respublikasining Madaniyat va taʼlim vazirligi, Senatning taʼlim, yoshlar va oila sohasidagi boshqaruvi, Berlin kasb-hunar taʼlimi Markazi, Postdamdagi Gumbold gimnaziyasi, Berlindagi bilingvistik maktablari, taʼlim sohasida sifatni yaxshilash instituti,Berlin Brandenburg maktab media institutlarida uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.
Shuningdek, A.Avloniy nomidagi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Berlin Brandenburg maktab media instituti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha hujjat loyihalari koʻrib chiqildi.
Berlin texnika universiteti bilan Germaniya federal taʼlim tizimining tuzilishi, maktab, oʻrta taʼlim turlari, universitetlarga kirish,PISA xalqaro baholash tartibi boʻyicha nemis tajribasi, nazariy va amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi, shu bilan birga, Germaniyadagi oʻquv dasturlar, oʻquv rejalar va yakuniy maktab imtihonlariga qoʻyiladigan yagona talablar, ularning kasbiy tayyorgarligi kabi masalalar boʻyicha maʼlumot oldilar va tajriba almashildi.
Seminar yakunida guruh ishi natijalari baholanib, tahlil qilindi. Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik ishlarini rivojlantirish maqsadida loyihalar koʻrib chiqildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvar oyida Germaniyaga tashrifi chogʻida ilmiy aloqalarni faollashtirish, shuningdek, iqtisodiyot, moliya, innovatsiya va sarmoya, fan, texnika, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Xususan, taʼlim sohasida nemis pedagogik texnologiyalaridan samarali foydalanish, jumladan: “Maktablar kelajak hamkorlari” tashabbusi (PASCH), Oʻzbekistonda nufuzli universitetlarning filiallarining ochilishi, nemis tilini chuqur oʻrganish va Germaniyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan aloqalarni rivojlantirish boʻyicha maktablar tarmogʻini kengaytirish istiqbollari rejalashtirildi.