O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Astraxanda Rossiya-O‘zbekiston OTM rektorlarinig mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi
2019-04-10 | Ta’lim
2019-yil 8-9-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasining Astraxan' shahrida Rossiya va O‘zbekiston OTM rektorlarining mintaqaviy konferensiyasi o‘tkazildi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov boshchiligida vazirlik mutaxassislari va 20 ta OTM rektorlaridan iborat delegasiya ishtirok etdi.
Mintaqaviy konferensiya kun tartibiga oliy ta'lim sohasida ikki tomonlama erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi qo‘yildi.
Jumladan, 2018-yil oktabr' oyida Toshkentda o‘tkazilgan «Yangi iqtisodiyot uchun – yangi kadrlar» birinchi O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish hamda ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta'lim forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari hamkorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Forum kun tartibiga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi delegasiyasi Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta'lim vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi, Astraxan' shahridagi OTMlarga tashrif buyurib, ular faoliyati bilan tanishdi.
Ma'lumot uchun, 2018-yil 18-oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston – Rossiya ta'lim forumi o‘tkazilib, unda rossiyalik hamkorlar bilan jami 114 ta shartnoma va bitimlar imzolangan edi. Xususan, O‘zbekistonda RFning 6 ta nufuzli OTM filiali va 2 ta fakul'tetini ochish, 52 ta qo‘shma ta'lim dasturini joriy etishga kelishilgan.