O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda "KUNDALIK" elektron jurnali va kundaliklar tizimi sinovda
2019-04-10 | Ta’lim
Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida "KUNDALIK" ta’lim platformasidan foydalanish bo‘yicha o‘quv-seminar o‘tkazildi. Besh kun davom etgan seminarda ishtirokchilarga elektron jurnalni to‘ldirish, unga uy vazifalari va dars rejalari hamda e’lonlarni kiritish, o‘quvchilarni baholash hamda tizimni boshqarish bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
O‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng ishtirokchilar "KUNDALIK"ni amaliyotda sinab ko‘rib, platformani ishlab chiqaruvchilariga o‘z fikrlarini bildirishdi. Kelgusi o‘quv yilidan yurtimizdagi barcha maktablarda mazkur tizimni joriy etish borasidagi pedagoglar taklifi mutaxassislar tomonidan inobatga olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning oktyabr oyida Xalq ta’limi vazirligi hamda "KUNDALIK" kompaniyasi maktabda elektron jurnal va kundaliklarni joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirishi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Mazkur tashabbus ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish bo‘yicha kelib tushgan arizalarni o‘rganish natijasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ma’qullangan. Endilikda “KUNDALIK” kompaniyasi barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan holda mazkur tizimni joriy etish, faoliyatini ta’minlash va rivojlantirish ishlarini olib boradi.
Tizim onlayn tarzda o‘qituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, ta’lim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi.
“KUNDALIK” tizimi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va ta’limga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.
— Bugungi kunda O‘zbekiston maktablarida elektron jurnalni joriy etish bo‘yicha “KUNDALIK” loyihasini amalga oshiryapmiz. Tizim bilan ishlash uchun internetga ulangan kompyuter kifoya. Bundan tashqari, o‘qituvchilar mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan versiyasidan ham foydalanishlari mumkin, – deydi kompaniya vakili Yuriy Boyko.
- 2018 yilning noyabr oyida Rossiya mutaxassislari bilan birgalikda kundalik.uz loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlarni boshladik, - deydi Yunusobod tumanidagi 235-maktab direktori Mo‘’mina Sulaymonova. – Dastlab, mazkur dastur 3-, 8-, 10-sinflarda amalda joriy etildi. Albatta, birinchi qadamda biroz qiyinchiliklar ko‘zga tashlandi. Ro‘yxatni shakllantirish bo‘yicha amaliy maslahatlar berilganidan so‘ng ishimiz yanada osonlashdi. Mazkur loyiha o‘quvchilarni baholash hamda o‘qituvchilarning kundalik rejasini kiritishda ancha qulayliklar yaratdi. Loyihaning har tomonlama qulayligi, ayniqsa, o‘quv ishlari buyicha direktor o‘rinbosarlarining ishi osonlashgani maktab jamoamizga manzur bo‘ldi. Dastlab loyihada ishtirok etgan 7 nafar o‘qituvchi keyingi bosqichlarda ta’lim maskanimizdagi barcha pedagoglarga ushbu tizimning qulayliklarini o‘rgatib boradi. Kelgusida kundalik.com orqali barcha o‘quvchilarimiz hamda ota-onalar o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan baholarni onlayn kuzatib borish imkoniga ega bo‘lishadi. E’tiborlisi, o‘quvchi bahosini ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng o‘zgartirish kabi hollar bartaraf etiladi.