O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Vodil chinori” dor o‘yinlari bilan barchani xushnud etmoqda

2019-04-09 | Madaniyat

Termiz shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida Farg‘ona viloyati vakillari noyob va nafis hunarmandchilik buyumlari, hududning o‘ziga xos qadriyatlarini keng namoyon etmoqda. Folklor san’ati, turli xalq o‘yinlari, teatrlashgan sahna asarlari bilan barchani xushnud qilmoqda.

Muhtasham San’at saroyi hududida barpo etilgan etnografik shaharchalar erta tongdan yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar va baxshilar do‘mbira jo‘rligida kuylayotgan dostonlar odamlarni yana dunyo xalqlarini birlashtirgan katta bayramga chorlamoqda. Farg‘onaliklar ham viloyatga ajratilgan hududda festival shinavandalarini mayin tabassum bilan kutib olayotir. Etnografik shaharchaning bir tomonida milliy hunarmandchilik buyumlari, boshqa tomonida san’atkorlarning rang-barang chiqishlari qalblarga o‘zgacha tarovat ulashadi. Dor o‘yinlari ham ko‘pchilikni allaqachon o‘ziga maftun etgan.

Xalqaro festivalda Rishton tumanida faoliyat yuritadigan yakka tartibdagi tadbirkor Odiljon Azizov bejirim kulolchilik buyumlari bilan faol ishtirok etmoqda. Oddiy loydan yasalib, serjilo bezak berilgan turli lagan, ko‘za va boshqa idishlar beixtiyor ko‘zni quvontirib, barchani shunday nafis buyumlarni yasash usullari qiziqtirib qo‘yadi.

– Ajdodlarimiz kulolchilik ortidan shuhrat topgan, –deydi O.Azizov. – Biz sakkizinchi avlodmiz. Ota-bobolarimizdan o‘rgangan shu hunar tufayli obro‘-e’tibor topib, to‘kin yashayapmiz. Milliy hunarmandchiligimiz namunalarini jahonga keng tarannum etayapmiz. Ayniqsa, xorijliklarni bu buyumlarning qanday yasalishi juda qiziqtirmoqda. Ko‘rgazmadan esdalik uchun olib ketmoqda. Shuningdek, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan kulollar bilan tajriba almashayapmiz. Xullas, festival yuqori saviyada tashkil etilgan.

Farg‘ona tumanidan kelgan “Vodil chinori” dorbozlik guruhi ham osmono‘par dor o‘yinlari bilan barchaga o‘zgacha zavq bag‘ishlamoqda. Masxaraboz va polvonlarning chiqishlari ham tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda. Ichak uzdi askiyalar bilan ishtirokchilarga zavq-shavq ulashmoqda.

– Qariyb 50 yildan buyon faoliyat yuritamiz, – deydi “Vodil chinori” dorbozlik guruhi badiiy rahbari B.Mamajonov. – Mamlakatimiz dorbozlari ko‘rik-tanlovida oliy o‘ringa sazovor bo‘lganmiz. Jahonning ko‘plab davlatlarida o‘z san’atimizni namoyish etganmiz. Ushbu festivalda dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan mehmonlarga mahoratimizni namoyish etayotganimizdan xursandmiz. Kelganimizdan buyon atrofimiz odamlar bilan gavjum.

Dor o‘yinlari – qadimiy milliy san’atimizning bir bo‘lagi, mustahkam ildizlaridan biri. Bu hunarga xalq og‘zaki ijodi namunalarida ham chuqur ta’rif berilib, kuylab kelingan. To‘yu tomoshalar dor o‘yinlarisiz o‘tmagan. Shu bois bo‘lsa kerak, san’atning bu turiga xalqimizda hamon qiziqish va intilish kuchli.

– Festivalni miriqib tomosha qilmoqdaman, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanining Bobur nomidagi mahallasida yashaydigan I.Allaberdiev. – Menda farg‘onalik dorbozlarning chiqishi katta taassurot qoldirmoqda. Axir, ko‘p qavatli binolar bilan bo‘ylashgan dor ustida emin-erkin yurish, turli o‘yinlar ko‘rsatishning o‘zi bo‘lmaydi. Ajdodlardan meros kelayotgan bu hunar aslida buyuk xalq avlodi ekanimizga yaqqol dalildir.

Dorbozlarning maftunkor o‘yinlari, masxaraboz va askiyachilarning ichakuzdi hangomalari ham qiziqarli bo‘lmoqda...

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться