O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Buxoroning shoh va chig‘anoqli g‘ijjaklari Termizda namoyish etilmoqda

2019-04-09 | Madaniyat

Termiz shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga xos etnografik shaharchalar hamda bu yerda namoyish etilayotgan kontsert dasturlari, boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar barchaga manzur bo‘lmoqda.

Muhtasham San’at saroyi atrofidagi keng maydonda Buxoro viloyati qo‘rg‘oni odamlar bilan gavjum. Viloyatning qadimiy va bugungi qiyofasini aks ettirgan ko‘rkam hududda buxorolik qo‘li gul chevarlar to‘qigan gilamlar, zardo‘zlik, kashtachilik buyumlari, yog‘och o‘ymakorligi miniatyuralari, ayniqsa, xorijlik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
 
- Ushbu festivalga alohida hozirlik ko‘rdik, - deydi Buxoro viloyati etnografik shaharchasining sahnalashtiruvchi rejissyori, baletmeystr B.Rustamov. - Osma darveshlar namoyish etayotgan o‘ziga xos ko‘rinishlarni tomoshabinlar mamnuniyat bilan olqishlamoqda. Buxoro tumani folklor-etnografik jamoasi, “Buxoro go‘zallari” ashula va raqs ansambli, Buxoro viloyati musiqali drama hamda qo‘g‘irchoq teatrlari san’atkorlari tomonidan tayyorlangan dasturlar ham qadimiy va hamisha navqiron viloyatning o‘tmishi, buguni va ertangi porloq kelajagini keng tarannum etayotir.
Ko‘rgazmada yakka tartibdagi hunarmand Bahodir Ismatov ishlab chiqarayotgan nozik musiqa asboblari ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. Mohir hunarmand shogirdi Farrux bilan doira, rubob, dutor va g‘ijjak singari musiqa asboblari tayyorlaydi.
 
- Mijozlarga g‘ijjakning 10 ga yaqin turini tayyorlab berayapmiz, - deydi F.Ismatov. - Biz tayyorlagan shoh va chig‘anoq g‘ijjaklari, ayniqsa, xaridorgir bo‘lmoqda. Termizda o‘tkazilayotgan xalqaro festival barakali bo‘ldi. Musiqa asboblarimizni ko‘rgan afg‘onistonlik va tojikistonliklar xarid qilish uchun buyurtma berish istagini bildirishdi. Endi nafis musiqa asboblarimiz qo‘shni davlatlarga eksport qilinishidan xursandmiz.
 
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Namangan va boshqa viloyatlarning turli ko‘rgazmalari ham ishtirokchilar tomonidan iliq qarshi olinmoqda.
 
 
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA

Поделиться