O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining afzalliklariga bag‘ishlangan respublika amaliy seminari o‘tkazildi
2019-04-08 | Jamiyat
Joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilishning afzalliklari” mavzuida respublika amaliy seminari o‘tkazildi. Unda suv xo‘jaligi tashkilotlari, ilmiy tadqiqot loyiha institutlari, paxta xom ashyosi yetishtirishga ixtisoslashgan klasterlar vakillari hamda ilg‘or fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev, Sirdaryo viloyati hokimi G‘. Mirzayev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida, ayniqsa, paxta yetishtirishda suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni va ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlarni joriy qilish muhim vazifalardan hisoblanishini ta’kidladilar. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Jumladan, qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xom ashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga 8 million so‘m subsidiya taqdim etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta xom ashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sug‘orish tizimlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilganida 1 gektar yerda o‘rtacha suv 40-50 foizgacha, yonilg‘i 60 foizgacha, urug‘lik chigit 40 foizga tejaladi, mineral o‘g‘itlar samaradorligi 30 foizga ortadi, g‘o‘zaning biologik pishish muddati 12-15 kunga tezlashadi, hosildorlik 5-10 sentnergacha ortadi.
Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, respublika bo‘yicha jami 214 ta, shundan 207 ta fermer xo‘jaligi va 7 ta klaster tashkilotlari tomonidan 11 573 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi va quruvchi pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar rasmiylashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda 7 562 gektar maydonda texnologiyalarni o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning mazkur qarori tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatida ham o‘ziga xos rag‘bat bo‘ldi. O‘tgan yil oxiriga qadar mamlakatimizda tomchilatib sug‘orish tizimini ishlab chiqaruvchi va quruvchi atiga 10 ta korxona ro‘yxatga olingan edi. Bugungi kunga kelib, 37 ta mahalliy, xorijiy hamda suv xo‘jaligi pudrat korxonalari tomchilatib sug‘orish tizimini qurish va servis xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda.
Seminar doirasida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda fermerlarga innovatsion mahsulotlarning sifati, narxlari, suvni tejash va boshqa afzalliklari, ushbu texnologiyalarni o‘rnatish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
“Peng Sheng” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi Sirdaryo tumanida oyoq kiyimlar va charmdan ishlangan buyumlar, fiting va smesitellar, qulf hamda boshqa mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib bilan shug‘ullanadi.
Seminar doirasida ushbu qo‘shma korxonaga qarashli maydonda Xitoy Xalq Respublikasining zamonaviy innovatsion texnologiyasi va mexanizmlari yordamida chigit ekish namoyish etildi. Xitoylik mutaxassislar ushbu texnologiya yordamida ekilgan g‘o‘zani sug‘orish, o‘g‘itlash, parvarishlash haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, qo‘shma korxonada tashkil etilgan gidroponika usulidagi issiqxonalar faoliyati bilan tanishildi.
Amaliy seminar doirasida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.