O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida London School of Economics (London Iqtisodiyot Oliy maktabi) talabalari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi
2019-04-05 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 3-aprel kuni Moliya vazirining o’rinbosari O.Isakov hamda London Iqtisodiyot Universiteti (LSE) talabalari o’rtasida O’zbekiston Respublikasida so’ngi yillarda olib borilayotgan islohotlar va kelgusida mamlakatimizning moliya tizimida amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar mavzusida uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o’tkazilib, O.Isakov tomonidan mamlakatimizning ilk xalqaro suveren kredit reytingi hamda suveren obligatsiyalarini jahon moliya bozorlarida joylashtirilishi bo’yicha ma’lumotlar berib o’tildi.
Talabalarning asosiy e’tibori, yaqin kunlarda chiqarilgan va London fond birjasiga muvaffaqqiyatli joylashtirilgan O’zbekistonning ilk xalqaro suveren obligatsiyalarga, xususan kelajakda mamlakatimiz tomondan xalqaro obligatsiyalarning chiqarilishi, ularning turlari to’g’risidagi rejalariga qaratildi.
Shu bilan birga, LSE talabalari tomonidan O’zbekiston Respublikasining valyuta siyosati, mahalliy kapital bozorini rivojlantirish tendentsiyalari va davlat ulushi mavjud bo’lgan korxonalarning boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, pensiya hamda soliq tizimlarida yuz berayotgan o’zgarishlar bo’yicha olib berilgan savollarga vazirlik mutasaddilari atroflicha javob berib o’tdilar.