O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston FIFA reytingida yuqoriladi
2019-04-04 | Sport
Xalqaro futbol federatsiyalari uyushmasi – FIFA milliy terma jamoalarning aprel oyi uchun reytingini e’lon qildi.
Biz uchun quvonarlisi shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyida egallab turgan o‘rnidan to‘rt pog‘onaga yuqorilab, 85-o‘rindan joy oldi. Ektor Kuper shogirdlari hisobida endilikda 1 279 ball mavjud. Bu ko‘rsatkich bilan vakillarimiz ayni paytda Osiyo terma jamoalari ichida 11-o‘rinni egallab turibdi.
OFKga a’zo davlatlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich hamon Eronga tegishli bo‘lib, ular 1 516 ball bilan dunyo reytingida 21-o‘rinni band etishgan. So‘nggi Osiyo kubogi finalchisi Yaponiya esa umumiy ro‘yxatda 26-pog‘onada qayd etilgan. Bu Osiyo vakillari orasida ikkinchi eng yaxshi natijadir. OFK vakillari orasida kuchli uchlikni Janubiy Koreya yakunlab beradi. Ular hisobida ayni paytda 1 462 ball mavjud.
Umumiy reytingni 1 737 ball bilan hamon Belgiya terma jamoasi boshqarib bormoqda. Amaldagi jahon chempioni Fransiya esa 1 734 ball bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Kuchli uchlikka Braziliya terma jamoasi yakun yasab beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mart oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan “China cup-2019” xalqaro turniri 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Otabek Eshmamatov, O‘zA