O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
DSQ Matbuot xizmati xodimlari uchun mahorat darslari davom etmoqda
2019-04-04 | Jamiyat
Soliq organlarining matbuot xizmatlari oldiga qoʻyilayotgan dolzarb vazifalar, huquqbuzarliklarni oldini olishdagi ularning roli, tizimdagi yangiliklarning yoritilishi va fuqarolarda soliq madaniyatini oshirishning bugungi ahvoli qanday?
Aynan shu kabi masalalar Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan viloyat soliq boshqarmalari masʼul xodimlari uchun tashkil etilgan seminar-treningda muhokama etildi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisi Behzod Musayev matbuot xizmati oldiga qoʻyilayotgan maqsad va vazifalarning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi. Matbuot xizmati xodimlari tomonidan soliq sohasida yuz berayotgan voqealarni tezkorlik bilan yoritilishi fuqarolar manfaatdorligiga xizmat qilib, ularning murojaatlari bilan doimiy ravishda ish olib borish va soliq toʻlovchilarni tashvishga solayotgan muammolarning hal qilinayotganini aniq misollar asosida ifodalash zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev davlat idoralari, shu jumladan, DSQ faoliyatida matbuot xizmatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani jamoatchilik bilan ishlashda muhim omil boʻlishini taʼkidladi. Parlament vakili ishtirokchilarga qonunbuzilishlaridan xoli ravishda ommaviy axborot vositalari bilan faol ishlashning huquqiy asoslari haqida batafsil tushuncha berdi.
Seminar-treningda jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha yetuk mutaxassis, dotsent Nozima Murotova, davlat idoralari matbuot xizmatlarining ommaviy axborot vositalari bilan samarali ishlashida rivojlangan davlatlar amaliyotiga toʻxtalib oʻtdi.
Seminar-trening davomida Davlat soliq qoʻmitasi raisi viloyat soliq boshqarmalari va inspeksiyalarining matbuot xizmatlari faoliyatini tahlil qilib, kadrlar malakasini oshirish, zamon talablariga mos yuqori sifatli kontentni tayyorlash uchun moddiy-texnika bazani yangilash zarurligiga koʻrsatma berdi.