O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo chempionati ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi
2019-04-04 | Sport
Joriy yilning 16-29-aprel kunlari Xitoyning Ninbo shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.
Qit’amizning eng kuchli atletlarini jamlaydigan ushbu musobaqada yurtdoshlarimiz ham ishtirok etadi. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov boshchiligida delegatsiyamiz hozirda Osiyo chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Xitoydagi musobaqada vatanimiz sharafini asosan yaqinda Chirchiq shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati g‘oliblari himoya qiladi, faqat erkaklar o‘rtasida 96 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida ba’zi sabablarga ko‘ra mamlakat birinchiliginida ishtirok etmagan mahoratli sportchimiz Farhod Sobirov o‘z omadini sinab ko‘radi.
Osiyo chempionatida ishtirok etuvchi tarkibimiz bilan tanishing:
Erkaklar:
-73 kg: Adhamjon Ergashev va Doston Yoqubov
-96 kg: Farhod Sobirov
-102 kg: Sunnatilla O‘sarov
-109 kg: Akbar Jo‘rayev
+109 kg: Rustam Jangabayev
Ayollar:
-55 kg: Muattar Nabiyeva
-87 kg: Dolera Davronova
Shuni ta’kidlash joizki, qit’a va jahon chempionatlari Tokio-2020 olimpiadasi uchun eng ko‘p reyting ochkolarini taqdim etadi. Shunday ekan, Osiyo chempionatida har bir vazn toifasida bellashuvlar murosasiz kechadi.
So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonlik atletlar har qanday nufuzli musobaqalardan medallar bilan qaytishi odatiy holga aylanib qolgan. Umid qilamizki, bu safar ham sportchilarimiz yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishadi.