O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Termiz festival ishtirokchilarini chorlamoqda

2019-04-04 | Madaniyat

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joriy yilning 5-10-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi.

Viloyatda yirik hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, ko‘cha va xiyobonlar, aholi madaniyat va dam olish maskanlari bayramona bezatildi.
 
- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi asosida birinchi bor tashkil etilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali surxondaryoliklarni haqli ravishda faxrlanishga undadi. - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari R. Choriyev. - Festivalni tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazishga oid qaror asosida madaniyat va san’at xodimlari, folklorshunoslar, baxshilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Shunga asosan amalga oshiriladigan ishlarni tahlil qilib boradigan shtab tashkil etildi. Yo‘nalishlar bo‘yicha 14 ta ishchi guruh shakllantirilib, har bir guruhning vazifalari belgilab berildi.
 
Mavridi kelganda shuni ham aytish lozimki, eng qadimiy, eng nafis san’atimizga davlat darajasida qaratilgan bunday e’tibor aholiga kuch, shijoat bag‘ishlab qolmay balki, vohaga qut-baraka ham olib keldi. Ming yillardan buyon baxshilarga beshik bo‘lib kelayotgan hududga yangi qiyofa bag‘ishladi. Jumladan, 80 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga Termiz aeroportining yangi binosi qurildi. Bunday yirik ishni sifatli amalga oshirish uchun quruvchilar atigi ikki oy mehnat qildi. Termiz temir yo‘l vokzali ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan muhtasham San’at saroyi hududidagi 32 gektar maydon nafaqat Surxon vohasining balki, butun mamlakatimiz hududlarining milliy qadriyat va go‘zal an’analarini, noyob san’ati va hunarmandchiligini namoyish etishi uchun puxta hozirlandi. O‘tmishni aks ettiruvchi o‘tovlar o‘rnatilib, har bir viloyat qo‘rg‘oni o‘ziga xos uslubda jihozlandi. Festivalning asosiy tadbirlari o‘tadigan zamonaviy yig‘ma sahna barpo etilib, hududda Alpomishning tog‘u toshlar uzra uchqur otda yelib borayotgani tasvirlangan haykali o‘rnatildi. Viloyat bo‘yicha ellik kilometr yo‘l ta’mirlandi, yangidan qurildi, rekonstruktsiya qilindi. Termiz shahridagi ko‘plab ko‘p qavatli uylarning fasad qismi ta’mirlanib, yangicha ko‘rinish berildi. Ko‘cha va xiyobonlarda ulkan hajmdagi obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
 
Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Xalqaro festival o‘tmishda yashab o‘tgan baxshilarning ezgu orzularini ruyobga chiqarib, ularning ruhini shod etdi. Ulug‘ ajdodlarning ezgu an’analarini davom ettirayotgan fidoyi avlodlarga ilhom ulashib, yurtimizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlarni baralla kuylashga undadi. Zero, festivalning Surxondaryo vohasida o‘tkazilishida ham chuqur ma’no bor. Sayyoramizning ko‘plab hududlarida xalq og‘zaki ijodiga yoshlarda e’tibor susayib, qiziqish kamayib qolgan hozirgi davrda qadimiy bu san’atning noziq qirralari aynan shu yurtda ko‘proq saqlanib qolgan. Bir zamonlar Sherobod dostonchilik maktabining dovrug‘i olis o‘lkalarga ham keng yoyilgani yoki o‘tgan chorak asrga yaqin vaqtda mamlakatimizda O‘zbekiston Xalq baxshisi unvoniga sazovor bo‘lgan 28 baxshining 9 nafari aynan surxondaryolik ekani ham bunga yaqqol misoldir.
 
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda viloyatda baxshichilik san’atini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ham kelajakda bu yo‘nalishni yanada yuksaltirishda muhim o‘rin tutishini alohida etirof kerak. Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan baxshilar maktabi, tumanlardagi o‘nga yaqin musiqa va san’at maktablarida tashkil etilgan sinflarda yuzdan ortiq istedodli yoshlar baxshichilik sirlarini qunt bilan o‘rganayotgani, o‘z mahoratini namoyish etayotgani buning yorqin ifodasidir.
 
Xalqaro festivalda mamlakatimiz folklorshunos olimlari, baxshi, jirov va oqinlar, san’atkorlar va baxshichilik san’ati muxlislari bilan birga jahonning 75 ga yaqin davlatidan 300 dan ziyod mehmonlar ishtirok etadi. Milliy qadriyatlarimiz ulug‘lanadigan bu tadbirda qatnashish, undan zavq-shavq olish istagini bildirgan mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun barcha sharoitlar hozirlandi. 4 ming 700 dan ortiq yotoqjoy tayyorlandi. To‘qqizta mehmonxona va sanatoriy-profilaktoriyda mingdan ziyod qo‘shimcha o‘rin zaxirasi yaratildi. 483 o‘rinli 102 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Xo‘randalarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida 23 restoran va kafe tayyorlandi. Sifatli tibbiy, transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, festival ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.


Keyingi yillarda O‘zbekistonning janubdagi gavhari sifatida sayyohlar uchun o‘z bag‘rini ochgan viloyatda ilk marta tashkil etilayotgan festival hududga mahalliy va xorijlik turistlarni jalb etishga xizmat qilayotgani, ularning voha o‘tmishi va dunyoga yangi qiyofada yuz ochayotgan bugungi rivojlanish bosqichlarini yaqindan o‘rganishi uchun qulay imkoniyat yaratayotgani bilan ham e’tiborga sazovordir. Shu maqsadda festival kunlari viloyat bo‘ylab turli madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirilgan. Bu tadbirlar doirasida baxshilarning xalqaro ko‘rik tanlovi, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkaziladi. Mehmonlar olti yo‘nalishdan iborat turistik marshrutlar bo‘yicha tarixiy obidalar va diqqatga sazovar joylarga sayohatga chiqadi. Festival kunlari mahalliy va xorijlik mehmonlar Termiz shahri va tumanlarda viloyatning eng yaxshi folklor-etnografik xalq ansambllari, baxshilar hamda madaniyat markazlarining besh yuzdan ortiq san’atkorlarining rang-barang dasturlaridan bahramand bo‘ladi.
 
Xullas, viloyatda ilk marta tashkil etilayotgan Xalqaro festival ko‘tarinki ruxda yuksak saviyada o‘tadi. Buning uchun barcha imkoniyat yaratilgan.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Поделиться