O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizda oʻtkazilgan “Stop-trafik” tadbiri natijalari
2019-04-03 | Jamiyat
Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston Respublikalari hududida ushbu davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida “Stop-trafik” tezkor-profilaktik tadbirlari boshlangan edi.
Oʻz oʻrnida, ana shunday tadbirlar 26-30-mart kunlari respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bazasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlaridan iborat muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tashkil etilib, odam savdosi bilan bogʻliq transchegaraviy va transmilliy guruhlarning jinoiy faoliyatini oldini olish va fosh etish, ushbu yoʻnalishda qidiruvda boʻlgan shaxslarni aniqlash,qoʻlga olish va profilaktik tadbirlari oʻtkazildi.
“Stop-trafik” tadbirlari davomida bir qator jinsiy ekspluatatsiya, chaqaloq savdosi, fohishaxona saqlash va qoʻshmachilik qilish kabi jinoyatlar aniqlanib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan,tungi klublar, sauna va mehmonxonalarda tashkil etilgan 2861 ta reydlar doirasida 258 nafar yengil tabiatli ayollar aniqlanib, ular bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Huquqbuzarlik holatlari boʻyicha 87 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy choralar qoʻllanildi.
Shuningdek, mazkur tadbirlar davomida respublikamizning barcha viloyatlari, yaʼni chegara hududlari, aeroport, taʼlim muassasalari, mahallalar va turistik firmalarda 6417 marotaba targʻibot-tashviqot ishlari olib borilib, 6259 nafar shaxslar bilan individual tarzda profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrining Bektemir, Yunusobod va Shayxontoxur tumanlarida joylashgan bir martalik ish bilan taʼminlash markazlari, I.Karimov nomidagi xalqaro aeroport hamda “Gʻishtkoʻprik” chegara maskanida 3740 nafar shaxslar bilan odam savdosi va noqonuniy mehnat migratsiyasi sohasidagi savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazilib,ichki ishlar organlari xodimlari va “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari tomonidan bosma targʻibot materiallari tarqatildi.