O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Singapur delegatsiyasi bilan uchrashuv
2019-04-03 | Siyosat
2019-yilning 3-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Singapur Respublikasi Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi Davlat katta vaziri, Singapur Janubi-sharqiy okrugi meri Muhamad Maliki Bin Osman boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbatda Oʻzbekiston – Singapur munosabatlarini, jumladan BMT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollariga asosiy eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda yetakchi Singapur kompaniyalarining ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi va tomonlarda hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada oshirishga qiziqish mavjudligi tasdiqlandi.
Shu nuqtayi nazardan tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarni 7 yillik tanaffusdan soʻng qayta tiklash toʻgʻrisidagi takliflar koʻrib chiqildi. Muntazam muloqotlarning ushbu mexanizmi tashqi siyosat idoralariga avval erishilgan kelishuvlarning bajarilishini monitoring qilish, hamkorlikning yangi yoʻnalishlariga eʼtiborni qaratish hamda dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar boʻyicha fikr almashish imkonini berishi taʼkidlandi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muzokaralarda Singapur Elchisi Zulkifli bin Baharuddin ishtirok etdi.