O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Tashkent Law Spring”: forum dasturidan nimalar oʻrin olgan?
2019-04-03 | Jamiyat
“Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumi boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Unga tayyorgarlik koʻrish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Tadbir Ishtirokchilar, jumladan xorijiy davlatlar qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish ishlari faol amalga oshirilmoqda.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilmoqda. AQSHning xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID), BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (UNODC), “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti, “Gazprombank” AJ va boshqa tashkilotlar tadbirning homiylaridir.
Maʼlum boʻlishicha, dunyoning turli davlatlaridan 50 nafardan ortiq mutaxassislar spiker sifatida ishtirok etadi. Forum dasturiga soʻnggi oʻzgartishlar kiritilmoqda. Masalan, “Sifatli davlat boshqaruvi” yoʻnalishi doirasida davlat boshqaruvi va maʼmuriy islohotlar, meʼyoriy sifat, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatining oʻzgarishi, hukumatning oshkoraligini taʼminlashning dolzarb jihatlari muhokama qilinadi. Alohida sessiya xalqaro reytinglar (indeks)lar masalalariga bagʻishlangan. Jahon banki tahlilchilarining Oʻzbekiston va eng yaxshi koʻrsatgichlarga ega mamlakatlar misolida shartnomalar ijrosi sohasidagi islohotlar tendensiyalari toʻgʻrisida chiqish qilishi rejalashtirilgan.
“Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish” yoʻnalishi doirasidagi mavzuga doir yigʻilishlarda ishni xalqaro arbitrajga tayyorlashning amaliy jihatlari, xalqaro yuridik amaliyot uchun mediatsiyani qoʻllash, ilgʻor amaliyotni kengaytirish choralari hamda “Pro bono” instituti va davlat tomonidan subsidiyalanadigan yuridik yordamning oʻziga xos xususiyatlari koʻrib chiqiladi. Shuningdek, yuridik taʼlimni rivojlantirishga eʼtibor qaratiladi. Xususan, raqamlashtirish davrida AQSH, Xitoy va boshqa mamlakatlar misolida zamonaviy yuristlarni tayyorlashni tahlil qilgan holda, Oʻzbekistonda xususiy yuridik oliy taʼlim muassasalarini tashkil etishga doir muhokamalar oʻtkazish rejalashtirilgan.
2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilingan. Shu bois, faol investitsiyaviy siyosatni shakllantirish masalalari “Tashkent Law Spring” ishtirokchilarining eʼtibor markazida boʻladi. Xususan, Oʻzbekistonda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish, davlat-xususiy sherikchiligi sohasidagi ilgʻor tajriba va mamlakatimiz sharoitida uning qoʻllanilishi, xalqaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish uchun oʻzbek biznesini shakllantirish va qoʻshma korxonalar tuzish masalalari koʻrib chiqiladi. Iqtisodiyotni tezkor modernizatsiyalash va raqamlashtirishni hisobga olganda, blokcheyn texnologiyalari yordamida katta maʼlumotlarni tartibga solish, raqamli shartnomalar va valyuta joriy etilganda huquqiy amaliyot kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi raisi, “White & Case” xalqaro yuridik firmasi hamkori Kerolin Lemmning “Yuridik kompaniyani boshqarish: muvaffaqiyat sirlari”, “Norton Rose Fulbright” xalqaro yuridik firmasi hamkori Saymon Koksning “Investitsiyaviy loyihalarni boshqarish” mavzulari boʻyicha mahorat darslari dasturga kiritilgan. Bundan tashqari, ishtirokchilarni taqdimotlar, mavzuga doir sessiyalar, sohaning professional xodimlarini taqdirlash marosimlari kutmoqda.
Jonli muloqot va eng qulay sharoitlarda huquq sohasidagi eng murakkab va qiziqarli muammolarni muhokama qilish uchun sizda katta professional bayramning ishtirokchisi boʻlish imkoniyati hali bor.