O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqi munosabatlari rivojiga ishonmoqda
2019-04-03 | Jamiyat
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlardan jalb qilingan investitsiyalar ishtirokida mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Yevropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordam koʻmagida qator sohalarda oʻttizdan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning yangilangan ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari rivojiga muhim turtki berayotir. Yevropaning akademik va tahlil doiralari ekspertlari ham xuddi shu fikrda.
Fabrissi Viyelmini, Rim geosiyosiy tadqiqotlar instituti Yevrosiyo dasturi ilmiy xodimi:
Oʻzbekistondagi joriy islohotlar mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni turli sohalarda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayniqsa, tomonlarning yangi muloqotlarga kirishida Oʻzbekistonda soʻz erkinligi va fundamental huquq sohalarida bajarilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalash ishlari ham Oʻzbekiston-Yevropa Ittifoqining iqtisodiy, savdo, investitsiya sohalaridagi aloqalari yangi bosqichda rivojlanishiga turtki beradi.
Ioxanes Bunstra, ”Yevropa – Markaziy Osiyo” monitoring tashabbusi muvofiqlashtiruvchisi, Yevropa xavfsizligi tadqiqotlar markazi eksperti :
Biz Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo mamlakatlarning Markaziy Osiyo boʻyicha oʻtgan yillardagi tashqi siyosatiga eʼtibor beradigan boʻlsak, mintaqa ularning eʼtibori asosan Qozogʻistonga qaratilganini koʻrishimiz mumkin. Chunki, ushbu mamlakat mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda koʻproq ochiqlik kasb etgan boʻlgan. Oʻzbekistonda boshlangan siyosiy, iqtisodiy oʻzgarishlar va bu jarayonning tez surʼatda davom etayotgani mamlakatni jahonga tobora ochib bormoqda. Endilikda, Oʻzbekiston ayni shu jihati bilan ham Yevropa Ittifoqi eʼtiborini oʻziga koʻproq jalb qilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Fabrissi Viyelmini, Ioxanes Bunstra Toshkentda 29 mart kuni Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamkorligining joriy holati va istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro davra suhbatidagi chiqishida shu kabi mulohazalarni bildirgan.
Malohat Husanova, OʻzA