O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda ilk bor Xalqaro ipakchilik komissiyasi Ijroiya qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtadi
2019-04-02 | Madaniyat
Shu yil 5-6-aprel kunlari Buxoro shahrida Xalqaro ipakchilik komissiyasi Ijroiya qoʻmitasining 20 ta aʼzo davlatlar vakillari ishtirokida majlisi boʻlib oʻtadi.
Unda Xalqaro ipakchilik komissiyasi Bosh kotibi R.Okxandiar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir doirasida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Hindiston Toʻqimachilik vazirligining Markaziy ipakchilik kengashi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.
– Hindiston va Oʻzbekiston ipakchilik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha ulkan salohiyatga ega, – deydi Hindiston Toʻqimachilik vazirligining Markaziy ipakchilik kengashi kotibi oʻrinbosari Dilip Kumar. – Mamlakatlarimiz ipakchilik tuzilmalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishi ushbu yoʻnalishdagi muhim amaliy qadam boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, ipakchilik boʻyicha Xalqaro komissiya 1960 yilda tuzilgan boʻlib, BMTda roʻyxatdan oʻtgan hukumatlararo tashkilotdir. Komissiya Bosh qarorgohi Hindistonning Bangalor shahrida joylashgan.
Oʻzbekiston 2017-yil sentabr oyidan mazkur tashkilotning yigirmanchi aʼzosi hisoblanadi.
Oʻzbekistonning Hindistondagi
elchixonasi bilan hamkorlikda
tayyorlandi