O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

2020-yilda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi 22,4 foizga yetadi

2019-04-02 | Iqtisodiyot

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tomorqalardan samarali foydalanish asosida meva-sabzavot, poliz, dukkakli mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish va eksport hajmini oshirish masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash (quritish) boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish ishlarining tahlili ayrim tumanlarda bu yoʻnalishdagi faoliyatni yanada rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish choralarini koʻrish zarurligini koʻrsatmoqda.

Hududlarda sohani yanada rivojlantirish, quritilgan mahsulotlar turlarini kengaytirish, eksportini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-noyabrdagi “Respublikada 2019-2020-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatga muvofiq, 2019 yilda meva-sabzavot mahsulotlarini quritish korxonalarini tashkil qilishning manzilli dasturi tasdiqlandi. Unga koʻra, mamlakat boʻyicha 28 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, ularning yillik quvvati 73 ming 20 tonnani tashkil etadi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan birga meva-sabzavot mahsulotlarini quritish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalarning bajarilishiga javobgar etib belgilandi.

Toshkent viloyatida ham qishloq xoʻjaligi izchil rivojlanib, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarda yuqori natijalarga erishayotgan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari, xususiy tadbirkorlar safi yil sayin kengayib bormoqda. Ular amalga oshirayotgan loyihalar aholi farovonligini yuksaltirish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini bermoqda.

Keyingi yillarda viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishida faoliyat boshlayotgan korxonalarga har tomonlama koʻmak berilayotir. Jumladan, Boʻka tumanidagi “TNA Agroinvest tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyatida meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlab, quritish yoʻlga qoʻyildi. Zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada 50 dan ortiq odam ish bilan taʼminlangan. 2018 yilda 400 ming dollarlik mahsulot Belgiya, Rossiya va Germaniyaga eksport qilindi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni 1 million dollardan oshirish rejalashtirilgan.

– Ayni paytda korxonamizda kunlik ishlab chiqarish hajmini 2 tonnaga yetkazdik, – deydi “TNA Agroinvest tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Sherali Umirov. – Yil oxirigacha 4-5 tonnaga chiqaramiz. Asosan bulgʻor qalampiri, oshqovoq, qizil lavlagi, karam va turli koʻkatlarni qayta ishlayapmiz. Imkoniyatlarimizdan foydalanib, yangi liniyalarni qurishni boshlab yubordik. Kelgusida yanada koʻp meva-sabzavotni qayta ishlashni tashkil etib, tumanimiz aholisini qoʻshimcha ish oʻrni bilan taʼminlamoqchimiz.

Zavodda ishlab chiqarish jarayoni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilgani bois, ish unumi va mahsulot sifati yuqori boʻlmoqda. Meva-sabzavot aholi, fermer va dehqon xoʻjaliklaridan xarid qilinmoqda. Tuman hokimligi korxonaga ming gektar yer maydoni ajratdi. Joriy mavsumda bu yerda zamonaviy issiqxona barpo etilib, turli sabzavotlar parvarishlanadi. Ular toʻligʻicha qayta ishlanadi.

– 2021-2029 yillarda hududlarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha 330 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan, – deydi “Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqarmasi boshligʻi Abdugʻaffor Umaraliyev. – Shuningdek, qoʻshimcha quriladigan 1 ming 780 muzlatkichli omborxonaning sigʻimi 1 million 340 ming tonnani tashkil etadi. Kelasi oʻn yilda viloyatlardagi korxonalarning eskirgan uskunalari modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi. Natijada eksportbop, yuqori qoʻshimcha qiymatli – muzlatilgan, quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish koʻpayadi.

Bundan tashqari, tayyor mahsulotlar toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan kichik hajmdagi qadoqlash buyumlaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratiladi. Mamlakatimizda 2017-yil meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasi 18,4 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu koʻrsatkichni 22,4 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar iqtisodiyotni yanada rivojlantirib, farovonlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA

Поделиться