O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
2019-04-02 | Iqtisodiyot
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi yakuni boʻyicha 10 milliard dollardan ziyod miqdordagi hujjatlar toʻplami va investitsiya bitimlari imzolandi.
Respublikamiz delegatsiyasining tashrifi davomida xususiy tashkilotlar bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonda selluloza ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun agrosanoat majmuasini yaratish boʻyicha “Industrial Innovation Group” bilan 182 million yevro miqdoridagi kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “AIDA” oʻrtasida qishloq xoʻjaligi obyektlarini quvvatlash uchun avtonom quyosh elektr stansiyalarini tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Loyihaning pilot bosqichi doirasida uzoqdan sugʻorilmaydigan yerlarda avtonom mikroelektrik stansiyalar qurish parametrlarini aniqlash maqsadida kompaniyaning vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi vaziri Tani Al-Ziodi bilan muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar chogʻida Birlashgan Arab Amirliklari Oʻzbekistonning meva va sabzavotlarini mintaqa mamlakatlari bozoriga chiqarish markazi sifatida xizmat qilish mumkinligi qayd etildi. Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishni koʻpaytirish maqsadida BAA kompaniyalari Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etiladi.
Xorijiy tomon mutaxassislari Oʻzbekistonlik hamkasblariga infrastruktura loyihalarida ishtirok etish, shuningdek tajriba va texnologiyalar almashish yoʻli bilan yaroqsiz va choʻl yerlarni tiklashda yordam berishga tayyorligini bildirdi.